“Seshanba kuni Isroilning Qatar poytaxtiga bergan zarbalari oqibatida (kamida) besh kishi, jumladan, G'azo sektoridagi HAMAS yetakchisining o'g'li Xalil al-Hayi va uning idorasi rahbari halok bo'ldi”, deyiladi maqolada.
Shu bilan birga, RIA Novostiga HAMAS qo'mondonligidagi yuqori martabali manbaning ma'lum qilishicha, Qatardagi muzokaralarda qatnashayotgan HAMAS rahbariyati delegatsiyasi orasida Isroilning zarbalari oqibatida qurbonlar yo'q. Uning qo'shimcha qilishicha, hujumdan keyin jarohatlanganlar bor, ularning ahvoli aniqlanmoqda.
Qatar TIV xabariga ko'ra, SAXAL Dohadagi HAMAS siyosiy byurosining bir necha a'zosi istiqomat qilgan turar-joy binolariga zarba berdi. Isroil armiyasi harakatning yuqori martabali amaldorlariga hujum qilganini aytdi, biroq operatsiya o'tkazilgan joyga aniqlik kiritmadi. Isroil armiyasining “Galey SAXAL” radiosi ma'lum qilishicha, Tel-Aviv 15 ga yaqin samolyotdan foydalangan va Dohadagi bir nishonga o'ndan ortiq o'q-dorilarni tashlagan.
AQSh SAXALning Qatardagi Falastinning HAMAS harakati etakchilariga qarshi operatsiyasini ma'qulladi, deb xabar berdi Jerusalem Post Isroil rasmiylariga tayanib.
HAMASning aytishicha, Tel-Aviv muzokaralar chog'ida ularning delegatsiyasiga zarba bergan. Harakat etakchilaridan biri Al Jazeera telekanaliga hujum AQSh Prezidenti Donald Trampning G'azo sektorida o't ochishni to'xtatish haqidagi taklifini muhokama qilish chog'ida sodir bo'lganini aytdi.
Qatar Tashqi ishlar vazirligi Tel-Avivning harakatlarini tanqid qildi. Vazirlikning ta'kidlashicha, Isroil turar-joy binolariga zarba berish orqali amirlik fuqarolari va xorijliklarning hayotini xavf ostiga qo'ygan. Vazirlikning qo'shimcha qilishicha, Qatar Tel-Avivning mamlakat va mintaqa xavfsizligiga putur yetkazuvchi hamda amirlik suverenitetiga qarshi qaratilgan bunday qadamlariga chidash niyatida emas, deb xabar berdi ria.ru.









