OAV vakillari dastavval Sayxunobod tumanida joylashgan “Qahramon-Zilola” fermer xoʻjaligida boʻlib, hasharchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishishdi. Paxta dalasida oʻtgan suhbatda mehnatkashlarning fikr-mulohazalari tinglandi.
— Asli oʻzim Fargʻona viloyatining Bagʻdod tumanidanman, — deydi 65 yoshni qarshilagan Rahima aya. — Umrim paxta ichida oʻtdi, 9 yoshimdan beri paxta teraman. Men paxta mehnatini yaxshi koʻraman. Koʻpchilikka qiyin tuyilgan bu mehnat shuncha yil davomida bizning rizqimiz boʻlib keldi.
Fermer xoʻjaligi hamda klaster rahbarlari tomonidan ishchilarning kelib-ketishlari uchun alohida avtobuslar tayinlangan, ularning yotoq joy hamda kundalik oziq-ovqatlarining xarajatlari ham klaster tomonidan qoplanadi.
— Biz bugun paxtaning bir kilosiga 1 430 soʻmdan toʻlayapmiz. Bu respublika boʻyicha eng yuqori narxdir. Bundan tashqari, joriy yildagi terimga davlat idoralarida ishlovchi biror xodim majburiy mehnat uchun jalb etilmagan, — deydi klaster vakilasi Shahnoza Ashurova.
Hasharchilarning yashashlari uchun tayyorlangan “Mehnat-rohat shaharchasi”da tibbiyot xonasi, maʼnaviyat xonasi, ayollar va erkaklar uchun alohida yotoqxona, ovqatlanish, kir yuvish, yuvinish xonalari mavjud.
Sayxunoboddan soʻng Boyovut tumaniga borgan press-tur ishtirokchilari u yerda hasharchilar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishishdi.