Dastlab institut rektori R.Karimov OTM faoliyati, taʼlim yoʻnalishlari, talabalar kontingenti, xorijiy hamkorliklar borasida maʼlumotlar berib oʻtdi.
— Institutdagi jahon tillari fakulteti tarkibida 6 ta kafedra mavjud. Unda faoliyat yuritib kelayotgan barcha xorijiy til professor-oʻqituvchilari til bilish sertifikatiga ega. Bakalavriat yoʻnalishida oʻqiyotgan 778 talabamiz til bilish sertifikatiga ega boʻlib, bu chet tili yoʻnalishlarida tahsil oluvchilarning 71,5 foiziga toʻgʻri keladi, — dedi rektor hamda 27-iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan soha egalariga samimiy tilaklarini bildirdi.
Matbuot anjumanida institut qabul komissiyasi masʼullari bu yilgi qabul jarayonidagi yangilanishlar, chet tili taʼlim yoʻnalishi kirish imtihonidagi oʻzgarishlar haqida atroflicha toʻxtalib oʻtildi. Jumladan, chet tili taʼlim yoʻnalishiga birinchi mutaxassislik fani xorijiy til hisoblangan abituriyentlar bu yil ijodiy imtihon oʻrniga barcha abituriyent qatori test imtihoni topshirishi, keyingi yildan esa birinchi fani xorijiy til hisoblangan taʼlim yoʻnalishlari uchun til bilish sertifikati talab qilinishi aytildi.
Talabalar oʻqishini koʻchirish, tiklash mezonlari, ikkinchi oliy taʼlimga abituriyentlarni oʻqishga qabul qilish tartibi, magistratura mutaxassisliklari hamda talab etiladigan sertifikat darajasi, maslahat markazi va Call center faoliyati xususida soʻz yuritildi, deyiladi NamDCHTI axborot xizmati xabarida.