OAV xodimlari orasidan merganlar aniqlandi

    Voqea-hodisalar 20 Iyun 2025 95

    27-iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti tomonidan respublika OAV xodimlari o‘rtasida o‘q otish bo‘yicha musobaqa o‘tkazildi.

    “Sport – salomatlik garovi!” shiori ostida o‘tkazilgan ushbu musobaqaning asosiy maqsadi jurnalistlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish va ularni sport bilan faol shug‘ullanishga keng jalb qilish hisoblanadi.

    Musobaqa ishtirokchilaridan 10 metr masofadan turib, belgilangan nishonlarni pnevmatik miltiqlarda mo‘ljalga olib, o‘q uzish talab etildi.

    Qizg‘in, do‘stona, shu bilan birga, murosasiz kechgan bellashuvda jurnalistlar quyidagi natijalarga erishdilar:

    Erkaklar o‘rtasida:

    1-o‘rin: Haydarov Qahramon O‘ktamovich (Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departmenti);

    2-o‘rin: Zaitov Sanjar Sunnatullayevich (“Sport” telekanali);

    3-o‘rin: Hojimetov Sherzod Ortiqboyevich (“Sport” telekanali).

    Ayollar o‘rtasida:

    1-o‘rin: Rahimova Dinara Rasulbek qizi (“Yoshlar” telekanali);

    2-o‘rin: Talipjanova Shafoat Manapovna (“Sport” telekanali);

    3-o‘rin: Almanova Mavjuda Po‘latovna (Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departmenti);

    G‘oliblikni va faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritgan OAV vakillari “Vatanparvar” tashkilotining diplomlari va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

    Shuningdek, “Vatanparvar” tashkiloti faoliyatini OAVda yoritishda faol hissa qo‘shib kelayotgan bir guruh jurnalistlarga tashkilot Markaziy kengashi raisining tashakkurnomalari topshirildi.

    Eslatib o‘tamiz, respublika bo‘ylab “Vatanparvar” tashkiloti tizimida avtokross, motokross, karting, triatlon, duatlon, biatlon, o‘q otish, aviamodel, raketamodel, kemamodel, radiosport kabi sportning texnik va amaliy turlari seksiyalari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, Tashkilotning sportchilari ushbu sport turlari bo‘yicha respublika, MDH, Osiyo va jahon chempionatlarida yuqori o‘rinlarni egallab kelmoqda.

    O‘zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko‘maklashuvchi
    “Vatanparvar” tashkiloti Matbuot xizmati