Prezidentimizning shu yil 2-apreldagi “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlarini amalga oshirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida»gi qarori ijrosidan kelib chiqqan holda ayni kunda Qorakoʻl tumani markazidan 20 kilometr uzoqlikdagi “Mirob” mahalla fuqarolar yigʻini infratuzilmasini mustahkamlash boʻyicha qator ibratli ishlar amalga oshirilmoqda.
— Hozirda 2,5 mingdan ortiq aholi istiqomat qilayotgan mahallamizda ijtimoiy muhofazaga muhtoj 234 ta xonadonga 10 sotixdan 25 sotixgacha miqdorida ekin yeri ajratib berilgani ular roʻzgʻori uchun daromad manbaidir, – deydi “Mirob” MFY raisi Oʻlmas Xudoynazarov. — Masʼul sektorlar koʻmagida yana 70 ta xonadonga 1 sotixdan issiqxona qurib berilgani ham oilalar toʻkinligini taʼminlamoqda. Shuningdek, hududimizda “Temir daftar”ga kiritilgan 3 ta nochor va ogʻir turmush sharoitida yashayotgan oilaga homiylik va byudjetning orttirib bajarilgan qismi hisobidan uy qurib berilgani ham savobli ish boʻldi. Shu yilning oʻzida “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yigit-qizlardan 25 nafariga murojaati, istagiga binoan tikuv mashinasi, payvandlash apparati, ekin yerida ishlashga moʻljallangan motokultivator va boshqa minitexnologiyalar olib berilgani ham bu oilalarni xursand qildi. Ular endilikda kunlik buyurtma asosida ishlab, oʻzini oʻzi band qilishi, albatta, bundan foyda topishi mumkin.
Yil boshidan mahalla yoʻlining 2 kilometri qayta qurilib, asfaltlashtirilgani, unga kiraverishda nomlavha bitilgan moʻjaz arka oʻrnatilgani bunda boshlangan ishlar debochasi, albatta. “Mirob” va unga qoʻshni boʻlgan “Osiyo” MFY larida ijtimoiy soha infratuzilmasi, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini yaxshilash maqsadida jami 9 milliard 965 million soʻm mablagʻ ajratilgan. Bu sarmoyaga 1 ta maktabgacha taʼlim tashkiloti, 2 ta umumtaʼlim maktabi va qishloq vrachlik poliklinikalarida mukammal taʼmirlash ishlari boshlangan.
Jumladan, “Mirob” mahallasidagi 51-sonli umumtaʼlim maktabida talab darajasidagi 120 oʻrinli oʻquv korpusini va 9x18 metr hajmdagi sport zalini barpo etish uchun 2 milliard 700 million soʻm mablagʻ ajratilgan. Qurilish-bunyodkorlik ishlari “Buxoro temir–beton kombinati” MCHJ pudrat tashkiloti tomonidan bajarilmoqda, hozirda obyektda poydevor tiklash ishlari yakunlanmoqda.
Shu kecha-kunduzda “Mirob” da 1 milliard 900 million soʻm mablagʻ evaziga qishloq vrachlik punkti binosi qayta rekonstruksiya qilinib, zamonaviy qiyofa kasb etmoqda. Inshoot qayta qurilishiga masʼul “Shukurjon ona” MCHJ bunyodkorlari tomonidan esa shu kunda mukammal taʼmirlash ishlari avjida olib borilmoqda. Albatta, tibbiyot muassasasi yaqin kunlarda foydalanishga topshirilsa, hududda yashayotgan 2 mingdan ortiq aholiga tibbiy xizmat koʻrsatish yaxshilanadi.
Bundan tashqari, mahalliy qurilish-pudrat korxonalaridan biri “Sardor-Sitora bunyodkor qurilish” MCHJ binokorlari “Mirob” MFY dagi 120 oʻrinli zamonaviy bolalar bogʻchasi qurilishini boshlab yuborishgan. Qiymati 2 milliard 160 million soʻmga moliyalashtirilgan mazkur 38-sonli Maktabgacha taʼlim tashkiloti ishga tushirilishi bilan 90 nafar bolajonni oʻz bagʻriga oladi. Tumanda bogʻcha yoshidagi jajji oʻgʻil-qiz soni bugun 13,5 ming nafarga yetgan boʻlsa, birgina “Mirob” mahallasida ular soni 230 nafarni tashkil etmoqda. Yil yakuniga qadar shu mahallada yana bir zamonaviy maktabgacha taʼlim tashkilotini qurib foydalanishga topshirish koʻzda tutilgan.