“Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari jamoatchilik fikri asosida tashabbusli byudjetlashtiriladi

    Mamlakatimizda 4 May 2023 1892

    Hukumat qarori (183–son, 03.05.2023-y.) bilan “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlarini jamoatchilik fikri asosida tashabbusli byudjetlashtirish jarayonlari orqali amalga oshirish tartibi toʻgʻrisida nizom qabul qilindi.

    Nizomga koʻra, jamoatchilik fikri asosida loyihalar toʻplami mahallalar (qishloqlar) boʻyicha shakllantiriladi va gʻolib sifatida mahallalar (qishloqlar) aniqlanadi.

    Dasturlar doirasida jamoatchilik fikri asosida tadbirlarni shakllantirish va ular uchun ovoz berish jarayoni – har yili noyabr–dekabr oylarida (2023-yil uchun, istisno tariqasida, 2023-yil may oyida) oʻtkaziladi.

    Jarayonlar 3 ta bosqichda tashkil etiladi:

    1-bosqichda – portalda loyihalar toʻplami shakllantiriladi;
    2-bosqichda – shakllantirilgan loyihalar toʻplami saralab olinadi;
    3-bosqichda – saralash bosqichidan oʻtgan loyihalar toʻplamlariga ovoz beriladi.

    Gʻolib mahallalar (qishloqlar) ovoz berish jarayoni boshlanishidan avval keng jamoatchilikka eʼlon qilingan holda quyidagi usullardan biri orqali aniqlanadi:

    • loyihalar toʻplamiga berilgan ovozlar sonidan kelib chiqib;
    • aholisi soni kam boʻlgan mahallalarga (qishloqlarga) tuzatish koeffitsiyentini qoʻllagan holda loyihalar toʻplamiga berilgan ovozlar sonidan kelib chiqib.

    Ovoz berish jarayoni yakunlariga koʻra har bir tuman (shahar) uchun jamgʻarmada shakllantirilgan mablagʻlar doirasida eng yuqori koʻrsatkichni egallagan loyihalar toʻplami gʻolib deb topiladi.

    Bunda loyihalar toʻplami gʻolib deb topilishi uchun kamida 100 ta ovoz toʻplashi lozim.

    Ovoz berish yakunlangandan soʻng 3 kunda gʻolib deb topilgan loyihalar toʻplamini amalga oshirish boʻyicha manzilli roʻyxat shakllantiriladi hamda jamgʻarma mablagʻlaridan foydalanish boʻyicha tuman (shahar) Maxsus komissiyasining tegishli qarori qabul qilinadi.

    Tuman (shahar) hokimligi tomonidan 3 kunda loyihalar uchun manzilli roʻyxatda nazarda tutilgan mablagʻlar oʻtkazib beriladi.

    Har yil yakunlari boʻyicha jamoatchilik fikri asosida loyihalarni shakllantirish bilan bogʻliq jarayonlarda faol ishtirok etgan fuqarolar ragʻbatlantirib boriladi.