Mamlakatimiz boʻylab quloch yoygan “Obod xonadon”, “Obod koʻcha”, “Obod mahalla” davlat dasturlari doirasida boshlangan bunyodkorlik ishlari chekka va olis hududlar hayot tarzini tubdan oʻzgartirdi. Joylarda aholi uchun muhim boʻlgan shart-sharoitlar yaratib berishga boʻlgan eʼtibor oshdi, tashabbuslar qoʻllab- quvvatlandi.
Furqat tumanida “Chirkay” mahalla fuqarolar yigʻini uchun zamonaviy bino qurib berildi. Bu yerda Respublika byudjeti doirasida 900 mln. soʻmdan ortiq qurilish-montaj ishlari amalga oshirildi. Zamon talablariga mos tarzda jihozlangan muhtasham binoda mahalla “yettiligi” faoliyati uchun kerakli boʻlgan shart-sharoitlar yaratildi. Majlislar zali, “Jamoatchilik maskani” xizmatlari yoʻlga qoʻyildi. “Mahalla” xayriya jamoat fondi mahalla binosini kerakli mebel va kompyuter jihozlari bilan taʼminladi.
Mahalla binosiga tutish hududda “Mahalla bogʻi” tashkil etilib, 500 tup manzarali, 600 tup gul koʻchatlari ekildi. Atrofi obodonlashtirilib, oʻrindiqlar, sayr yoʻlaklari qurildi. Yoshlarning boʻsh vaqtlarini mazmunli tashkil etish maqsadida futbol maydoni taʼmirlanib, “Workout“ maydoni qurib bitkazildi.
— Shu kunga qadar “Obod xonadon”, “Obod koʻcha”, “Obod mahalla” mezonlari joriy qilingan Qoʻshtepa tumanidagi “Shomirza”, Rishton tumani “Pandigon”, Quva tumani hududidagi “Qoraqum” mahalla fuqarolar yigʻinlariga ham mebel va kompyuter jamlanmalari yetkazib berildi,-deydi “Mahalla” xayriya jamoat fondi viloyat boshqaruvi raisi Bahodirjon Yulbarsov.- Bundan tashqari, viloyatimizda yangidan foydalanishga topshirilgan yana 14 ta mahalla fuqarolar yigʻinlariga umumiy qiymati 310 million soʻm boʻlgan mebel va kompyuter jamlanmalari bilan taʼminlandi.
Mahalla binosining foydalanishga topshirish marosimida Fargʻona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Rasuljon Kamolov,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri.