Diqqat, eʼlon!

    Energetika 13 Mart 2024 2935

    2024-yil 1-apreldan boshlab issiqlik taʼminoti xizmatlari uchun QQS boʻyicha imtiyoz bekor qilinadi.

    Hurmatli Toshkent aholisi!

    2023-yil 28-dekabrdagi «Soliq va budjet siyosatining 2024-yilga moʻljallangan asosiy yoʻnalishlari qabul qilinganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida»gi OʻRQ-891-son Qonunga muvofiq, ayrim xizmatlarga, shu jumladan, issiqlik taʼminoti xizmatlariga QQSning nol stavkasi bekor qilindi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Soliq qoʻmitasi oʻz yangiliklarida eʼlon qildi, tegishli tushuntirishlar berildi.

    🔷 Bu nimani anglatadi?

    1-apreldan boshlab isitish tizimi va issiq suv taʼminoti xizmatlari uchun toʻlovlarni amalga oshirishda 12% qoʻshilgan qiymat soligʻi (QQS) belgilangan tarifga qoʻshiladi. Ilgari ushbu xizmatlarni taqdim etish uchun tovar aylanmasi nol stavka boʻyicha QQSga tortilar edi.

    🔷 QQS qayerdan keladi?

    QQS davlat byudjetiga tushadi hamda issiqlik taʼminoti tarifining bir qismi hisoblanmaydi.

    🔷 QQS avansga (oldindan toʻlovga) taʼsir qiladimi?

    Taʼsir qiladi, faqat 2024-yil 1-apreldan eʼtiboran. Bunda tarifni qayta hisoblash mumkin emas. QQS tarifning bir qismi emas, balki soliq hisoblanadi, shuning uchun 1-apreldan boshlab issiqlik taʼminoti xizmatlari uchun barcha toʻlovlar QQS bilan amalga oshiriladi.

    Issiqlik energiyasini sotishda QQS Soliq kodeksining 242, 265-moddalariga muvofiq hisoblanadi.