Chunki xodimlar oʻz kasbini yanada mukammal oʻrganishni istaydi.

Samarqand agroinnovatsiyalar va tad­qiqotlar institutida Yevropa Ittifo­qining “Erasmus+” dasturi tomonidan moliyalashtirilgan Oziq-ovqat innova­siyalari boʻyicha ochiq universitet loyi­hasi aynan shu maqsadda yoʻlga qoʻyilgan. 2024-yil fevralda boshlangan loyihada Yevropa Ittifoqi mamlakatlaridan ikki­ta, Tojikistondan uchta, Oʻzbekistondan esa ikkita oliy taʼlim muassasasi ishti­rok etyapti.

Uni amalga oshirishdan maqsad Markaziy Osiyo universitetlarida oziq-ovqatni qayta ishlash texnologiyasi yoʻnalishi boʻyicha kun­duzgi taʼlim shaklida oʻqiyotgan talabalar bilan birga tashqi talabalar ishtirok etadigan taʼlimning yangi shaklini ishlab chiqish va joriy qilishdan iborat.

Loyiha doirasida Yevropa Ittifoqidagi yetakchi universitetlarning malakali pro­fessor-oʻqituvchilari ishtirokida oziq-ov­qatni qayta ishlash texnologiyalari taʼlim yoʻnalishiga oid 7 ta yangi oʻquv rejasi ham­da modullari ishlab chiqildi. Besh profes­sor-oʻqituvchimiz Latviyaga malaka oshirishga yuborildi. Malaka oshirish davomida ular sut, goʻsht, meva-sabzavot va donni qayta ish­lash texnologiyasi hamda yangi oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqish kabi oltita fan modulini chuqur oʻrganib qaytdi. Bundan tashqari, oziq-ovqat sifati va xavfsizligi boʻyicha 4 professor-oʻqituvchimiz Slovakiya­ning Nitra qishloq xoʻjaligi universiteti­da malaka oshirishga yuborildi.

2025/2026 oʻquv yilidan institutimizda “Don mahsulotlarini qayta ishlash texnolo­giyasi” hamda “Akademik matn” fan modulla­ri boʻyicha sinov tariqasida oʻqitish jarayoni boshlangan. Ochiq taʼlim shaklidagi ushbu mashgʻulotlarda bakalavriat va magistratura bosqichi talabalari, professor-oʻqituvchilar, oziq-ovqat sanoati korxonalari vakillari, jumladan, “Agromir” va “Meva-Maroqand” MCHJ xodimlari, turli oliy taʼlim muassasalari tadqiqotchilari ishtirok etmoqda.

Darslar sifatini yanada oshirish maqsa­dida joriy yil oktyabrda Latviya hayot fan­lari va texnologiyalari universiteti hamda Slovakiyaning Nitra qishloq xoʻjaligi uni­versitetidan mutaxassislar kelib, talaba va tinglovchilarga nazariy hamda amaliy bilim berdi. Muhimi, mazkur oʻqitish modeli oziq-ovqat sanoatida faoliyat yuritayotgan muta­xassislar malakasini oshirish, mehnat bo­zoridagi raqobatbardoshligini kuchaytirish bilan birga talabalarning amaliy koʻnikma­larni chuqurroq egallashiga koʻmaklashmoqda.

Loyiha doirasida institutda “Don mah­sulotlarini qayta ishlash texnologiyasi” fan modulini oʻqitish uchun zamonaviy laborato­riya jihozlari, yaʼni qolipli non pishirish pechlari oʻrnatildi.

“Ochiq universitet” loyihasi doirasida kerakli fan moduli oʻqitib boʻlinganidan keyin tinglovchilarga sertifikat berila­di. Hozircha korxona va tashkilotlardan 12 talabgor ushbu loyiha boʻyicha oʻqidi, yaʼni kasbiga doir sirlarni chuqur oʻrgandi. Bu tamoyil asosida kasb oʻrganmoqchi boʻlgan ta­labgorlarni kelgusida ham oʻqitish, ularning mehnat bozorida yetuk mutaxassis boʻlib yeti­shishiga koʻmaklashish niyatidamiz.

Shavkat HASANOV,

Samarqand agroinnovatsiyalar va

tadqiqotlar instituti rektori, professor