Ochiqlik faoliyatimiz mezoniga aylanmoqda

    Mamlakatimizda 13 Iyul 2021 398

    Toshkent shahar hokimligida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan seminar tashkil etildi.

    Zoom platformasida boʻlib oʻtgan tadbir mamlakatimiz Prezidentining 2021-yil 16-iyundagi “Davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati ochiqligini taʼminlash, shuningdek, jamoatchilik nazoratini samarali amalga oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” farmoni mazmun-mohiyatini tushuntirishga bagʻishlandi, deb xabar beradi Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati.

    Tadbirda qayd etilishicha, prezident farmonida joriy yilning 1-iyulidan boshlab davlat organlari va tashkilotlari faoliyatiga doir maʼlumotlarni ularning rasmiy veb-saytlari va ochiq maʼlumotlar portalida joylashtirish belgilangan. Xususan, har chorakda davlat xaridlari toʻgʻrisidagi, toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar boʻyicha xarid qilinadigan tovar (ish yoki xizmatlar), mansabdor shaxslarning xizmat safarlari va xorijdan tashrif buyurgan mehmonlarni kutib olish xarajatlari, davlat organlari va tashkilotlarining tasdiqlangan yarim yillik va (yoki) yillik ish rejalari shular jumlasidandir.

    Shu bilan birga davlat byudjeti, davlat maqsadli jamgʻarmalari va byudjet tashkilotlarining byudjetdan tashqari jamgʻarmalari hisobiga xarid qilinishi rejalashtirilgan tovar (ish yoki xizmatlar), davlat organlari va tashkilotlari huzuridagi Jamoatchilik kengashlari toʻgʻrisidagi, xususan, Jamoatchilik kengashining tasdiqlangan aʼzolari haqidagi maʼlumotlar bilan bir qatorda ularning aloqa maʼlumotlari, Jamoatchilik kengashining yigʻilishlari va kun tartibidagi masalalar hamda boshqa maʼlumotlar ham joylashtiriladi.