Unda senatorlar, Agentlik rahbari, baholash komissiyasi aʼzolari, OAV vakillari va blogerlar ishtirok etdi.
Mamlakatimizda soʻnggi yillarda davlat organlari va tashkilotlari faoliyati ochiqligi va shaffofligini taʼminlovchi mexanizmlar, shuningdek, jamoatchilik nazorati instituti hayotga samarali joriy etila boshlandi.
Jumladan, oʻtgan davrda bevosita ochiqlik sohasini tartibga solishga qaratilgan 3 ta qonun, Prezidentning 2 ta farmoni va 2 ta qarori, Hukumatning 2 ta qarori hamda 1 ta idoraviy hujjat qabul qilindi.
Shu bilan birga, davlat organlari va tashkilotlari tomonidan 35 ta ijtimoiy ahamiyatga molik maʼlumotlarni davlat organlari rasmiy veb-saytlari va ochiq maʼlumotlar portalida joylashtirish amaliyoti joriy etildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 14-iyundagi Farmoni bilan davlat organlari va tashkilotlarining ochiqlik boʻyicha amalga oshirayotgan ishlari samaradorligi va natijadorligini baholashga qaratilgan ochiqlik indeksi joriy etilgani ushbu yoʻnalishdagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqdi.
Bu borada senator F.Boqiyev farmon bilan davlat organlari va tashkilotlarining birinchi rahbarlarining ochiqlikni taʼminlash borasidagi ishlari toʻgʻrisida hisobotlari har yarim yilda Oliy Majlis Senati majlislarida eshitilishi belgilanganini alohida taʼkidladi.
Bundan tashqari, senator ochiqlikni taʼminlash borasida amalga oshirilishi lozim boʻlgan bir qator masalalarga toʻxtaldi. Jumladan, 2022 yil yakunlari boʻyicha “Ochiqlik indeksi”ni baholash borasida amalga oshirilgan ishlar haqida fikr yuritildi. Taʼkidlanganidek, ushbu jarayonda 86 ta vazirlik, idora va muassasalar qamrab olingan. Ulardan 21 tasi vazirliklar, 14 tasi mahalliy davlat hokimiyati organlari, 32 tasi davlat ishtirokdagi tashkilotlar hamda 19 tasi qoʻmita va agentliklardir.
Tadbir soʻnggida yuqori malakali mutaxassis va ekspertlardan iborat tarkibda tuzilgan baholash komissiyasi aʼzolarining tegishli qaroriga muvofiq davlat organlari va tashkilotlari faoliyati Ochiqlik indeksining baholash reytingi eʼlon qilindi.
Xususan, baholash reytingi natijalariga asosan 15 ta davlat organi va tashkiloti “yashil” toifaga, 44 tasi “sariq” toifaga hamda 27 tasi “qizil toifa”ga ajratilgan, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.
Mazkur masala Senat qoʻmitasi majlisida muhokama qilinishi rejalashtirilyapti.