Shu jumladan huquqiy tizimda ham bu yo‘nalishda izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. Ushbu jarayonda huquqshunos kadrlar tayyorlash va jamiyatda huquqiy bilimlarni oshirish muhim ahamiyat kasb etadi. Toshkent davlat yuridik universiteti bu borada muhim o‘rin tutib, ochiqlik, jamoatchilik bilan muloqot va ommaviy axborot vositalarida huquqiy-ma’rifiy faoliyatni kuchaytirishga katta e’tibor qaratmoqda.

Toshkent davlat yuridik universiteti ochiqlik tamoyillariga asoslangan holda o‘z faoliyatini olib boradi. Universitetning rasmiy veb-sayti, ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari orqali fuqarolar va talabalar bilan doimiy muloqotda bo‘lib kelmoqda. O‘quv jarayonlari, yangiliklar, ilmiy va amaliy tadbirlar to‘g‘risidagi muntazam ravishda berib boriladigan ma’lumotlar, tashkil etilayotgan brifing va suhbatlar fikrimizning yaqqol isbotidir. Muassasada amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar ochiqlik siyosati, shuningdek, universitetning ma’muriy va ilmiy faoliyatlarida shaffoflikni ta’minlashga qaratilgan.

Bundan tashqari, universitet rahbariyati va professor-o‘qituvchilari doimiy ravishda talabalar va keng jamoatchilik bilan uchrashuvlar o‘tkazib, mavjud muammo va takliflarni tinglaydi, ularni hal qilish bo‘yicha choralar ko‘radi. Masalan, ochiq va samimiy muloqot tarzida oʻtgan uchrashuvlarda talabalar oʻzlarini qiziqtirgan savollar bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri rektorga murojaat qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi. O‘z navbatida rahbariyat ham talaba-yoshlarning barcha savollariga javob qaytarish bilan birga hayotiy tajribalari, faoliyati davomida sodir boʻlgan qiziqarli voqealar bilan oʻrtoqlashadi. Bunda nafaqat O‘zbekistonda tahsil olayotgan, balki hamkorlik doirasida yo‘lga qo‘yilgan qo‘shma ta’lim dasturida doirasida o‘qiyotgan yoshlar qamrab olinmoqda. Bu esa talabalar bilan muloqotni yanada mustahkamlaydi. Universitet rahbariyati tomonidan tashkil etiladigan davra suhbatlari, seminarlar va ochiq eshiklar kunlari yoshlarning huquqiy bilimlarini oshirishga xizmat qiladi.

Shu bilan TDYU ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlikni kuchaytirib, huquqiy bilimlarni aholiga yetkazish va huquqiy savodxonlikni oshirish bo‘yicha izchil ishlar olib bormoqda. Universitet mutaxassislari televideniye, radio, gazeta va internet nashrlari orqali huquqiy masalalarga oid sharh va maqolalar bilan chiqishlar qiladi. Bunday chiqishlarda nafaqat dolzarb masalalar, qonunchilikni sodda tilda tushuntirish, aholining huquqiy savodxonligini oshirish, balki muhim ijtimoiy muammolar yoritiladi va ekspert nuqtayi nazaridan izohlanadi. 

Shuningdek universitetda doimiy ravishda turli huquqiy mavzularda ma’ruzalar, seminarlar va treninglar ham o‘tkaziladi. Universitet tomonidan tayyorlangan huquqiy-ma’rifiy materiallar yoshlar orasida keng tarqatilib, ularning huquqiy bilim va ko‘nikmalarini oshirishga xizmat qilmoqda. TDYUning ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlar orqali olib borayotgan loyihalari aholining turli qatlamlari uchun mo‘ljallangan ma’rifiy dasturlarni ham o‘z ichiga oladi.

Bir so‘z bilan aytganda, Toshkent davlat yuridik universiteti ochiqlik, jamoatchilik bilan muloqot va OAVda huquqiy-ma’rifiy faoliyatni kuchaytirish borasida izchil ishlar olib bormoqda. Bu esa universitetning mamlakat huquqiy tizimidagi o‘rnini mustahkamlashga, aholining huquqiy savodxonligini oshirishga va yoshlar orasida huquqiy madaniyatni shakllantirishga xizmat qilmoqda. Universitetning ochiqlik siyosati va huquqiy-ma’rifiy faoliyati, shuningdek, jamoatchilik bilan muloqotning kengayishi orqali davlat va jamiyat o‘rtasidagi ishonchni mustahkamlashga hissa qo‘shmoqda.

Nargiza ISMANOVA,

TDYU Jamoatchilik va OAV bilan aloqalar

bo‘limi yetakchi mutaxassisi