Bu haqda Jizzax viloyati hokimligi xabar berdi.
Maʼlumotlarga qaraganda, Jizzax viloyatida kirakashlik qilib yurgan Nexia haydovchisi shu yilning 7-yanvar kuni Zomin tumanida qarz undirish tashvishida yurgan tanishlarini manziliga olib borgan. Yoʻlda qirlik joyda toʻxtab, yoʻlovchilar spirtli ichimliklar isteʼmol qilishadi. Haydovchi esa vaqt oʻtkazish uchun mashinada telefon bilan andarmon boʻladi. Oradan koʻp oʻtmay haydovchiga kimdir qoʻngʻiroq qiladi va u jahl ustida mashinani orqaga haydaydi. Oqibatda mashinaning orqa tomonida yerda yotgan yoʻlovchining bosh qismini jarohatlaydi. Haydovchi unga yordam koʻrsatish oʻrniga voqea joyidan qochib ketadi.
Oradan koʻp oʻtmay haydovchi voqea joyida qolgan yoʻlovchiga qoʻngʻiroq qilib, jabrlanuvchini birov soʻrasa «Biz uni bekatda qoldirgandik» deb aytishini tayinlaydi. Ammo jinoyatchining hiylasi ish bermaydi. Ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan jinoyat tez orada fosh etiladi.
Xabarga koʻra, jinoyat ishlari boʻyicha Zomin tumani sudida haydovchi eʼtiborsizligi ortidan bir inson hayotiga zomin boʻlganini, unga tibbiy yordam koʻrsatish oʻrniga voqea joyidan qochib ketganini, qilmishini yashirishga uringanini tan olgan va kechirim soʻragan.
Sud haydovchini Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi va 117-moddasi ikkinchi qismi bilan aybdor deb topdi. Jinoyatchi 3-yil transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qilinib, 3-yil-u 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilindi.