баннер
30 Mar 2025
19:11

    Odam oʻlishiga sabab boʻlgan tarzda shaharsozlik toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilandi

    Qonun (OʻRQ-1050-son, 25.03.2025-y.) bilan ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirishlar kiritildi.

    Qonun bilan Jinoyat kodeksiga binolar va inshootlardan foydalanishga doir ruxsatnoma berish hamda ularni foydalanishga qabul qilib olish qoidalarini buzganlik, shaharsozlik sohasidagi vakolatli davlat organlarining ruxsatisiz obyektlarni qurganlik, qonunchilikni buzgan holda koʻp kvartirali uylardagi tayanch konstruksiyalarni oʻzgartirganlik va (yoki) rekonstruksiya qilganlik, shuningdek binolar va inshootlarni aholi punktlarining tasdiqlangan bosh rejalari, ularni rejalashtirish va qurish loyihalarini buzgan holda loyihalashtirganlik, rekonstruksiya qilganlik va qurganlik uchun javobgarlik yuzaga kelishini nazarda tutuvchi oʻzgartirishlar kiritilmoqda.

    Bunda jinoiy javobgarlik aybdor shaxslar ushbu huquqbuzarliklar uchun maʼmuriy javobgarlikka tortib boʻlinganidan keyin yuzaga keladi. Odam oʻlishiga yoki boshqa ogʻir oqibatlarga sabab boʻlgan tarzda shaharsozlik toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlik uchun alohida jinoyat javobgarlik kiritilmoqda.

    Shuningdek, qonunchilikni buzgan holda koʻp kvartirali uylardagi tayanch konstruksiyalarni oʻzgartirish va (yoki) rekonstruksiya qilish bilan bogʻliq jinoyatni birinchi marta sodir etgan hamda amalga oshirilgan oʻzgartirish yoki buzilishlarni, shuningdek ularning oqibatlarini ixtiyoriy ravishda bartaraf etgan shaxs javobgarlikdan ozod etilishi mumkinligi nazarda tutilmoqda.

    Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeks loyiha tashkilotlarining mualliflik nazoratini amalga oshirish doirasida beriladigan koʻrsatmalarini buyurtmachilar tomonidan bajarmaganlik, shuningdek obyektlarni ekspert tashkilotlarning shaharsozlik hujjatlariga doir ijobiy xulosasisiz qurganlik uchun javobgarlikni belgilovchi normalar bilan toʻldirilmoqda.

    Shuningdek, shaharsozlik sohasidagi qoidabuzarliklar uchun solinadigan jarimalar miqdorlarini koʻpaytirish nazarda tutilmoqda.

    Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran 3 oy oʻtgach kuchga kiradi.

    Telegram kanalimiz
    Text to speech