Odam savdosiga qarshi kurashishda Buyuk Britaniya bilan hamkorlik yoʻlga qoʻyiladi

    Xalqaro hamkorlik 26 Yanvar 2024 1366

    Oliy Majlis Senati Raisi, Odam savdosiga qarshi kurashish va munosib mehnat masalalari boʻyicha Milliy komissiya raisi Tanzila Narbayeva Buyuk Britaniya Bosh vazirining Majburiy mehnatga barham berish boʻyicha maxsus vakili Jastin Bedford bilan muzokara oʻtkazdi.

    Uchrashuvda ijtimoiy-mehnat munosabatlari va aholini ijtimoiy muhofaza qilish sohasidagi ikki tomonlama kun tartibidagi dolzarb masalalar muhokama etildi.

    Muloqot davomida odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish sohasida oʻzaro tajriba almashish, mazkur yoʻnalishdagi normativ-huquqiy hujjatlarni takomillashtirish, zamonaviy qullikka qarshi kurash borasida hamkorlikni yoʻlga qoʻyish yuzasidan fikr almashildi.

    Britaniya tomoni 2023-yil oxirida Odam savdosiga qarshi kurashish va munosib mehnat masalalari boʻyicha Milliy komissiya sifatida qayta tashkil etilgan Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasining faoliyatini yuqori baholadi.

    Tomonlar mehnat munosabatlari sohasida yangi qoʻshma loyiha va dasturlarni amalga oshirish, ilgʻor texnologiyalardan foydalanish va sohaga innovatsion uslublarni joriy etish yoʻnalishlarida hamkorlikni yoʻlga qoʻyishga tayyor ekanliklarini bildirdilar, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.