Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish masalalari muhokama etildi

    Xalqaro hamkorlik 15 Noyabr 2023 1088

    Joriy yil 14-noyabrda Oliy Majlis Senatida Estoniyaning Adliya vazirligi jinoiy siyosat masalalari boʻyicha maslahatchisi, odam savdosiga qarshi kurashish masalalari boʻyicha milliy koordinator A.Leps boshchiligidagi delegatsiyasi bilan uchrashdi.

    Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi vakillari Oʻzbekistonning ushbu yoʻnalishda ish tajribasini oʻrganish maqsadida mamlakatimizda boʻlib turibdi.

    Konstruktiv va amaliy jihatlarni qamrab olgan muloqot davomida Estoniya tomoniga odam savdosiga qarshi kurashish, bolalar va majburiy mehnatga barham berish boʻyicha koʻrilayotgan kompleks chora-tadbirlar, xalqaro tashkilotlar tavsiyalarining amaliy ijrosi haqida maʼlumot berildi.

    Estoniya Adliya vazirligi vakili bolalar va majburiy mehnatga barham berish borasida Oʻzbekistonda koʻrilayotgan ulkan va samarali ishlarni alohida taʼkidladi. Oʻzbekistonning odam savdosiga qarshi kurash boʻyicha yaxshi samaralar berayotgan tajribasi Yevropa davlatlari, jumladan, Boltiqboʻyi mamlakatlari uchun ham dolzarb ekanligi qayd etildi.

    Shu bilan birga uchrashuvda ishtirok etgan BMTning narkotiklar va jinoyatchilik boʻyicha boshqarmasining mintaqaviy vakili R. Sirgediyene tomonidan Oliy Majlis Senati Raisi T. Narbayeva rahbarligidagi Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasining faoliyati yuqori baholandi. Oʻzbekistonning mehnat munosabatlarini rivojlantirish, odam savdosiga qarshi kurashish va munosib mehnat tamoyillarini ilgari surish borasidagi saʼy-harakatlari BMT tomonidan ham har tomonlama qoʻllab-quvvatlanayotgani alohida taʼkidlandi.

    Uchrashuv yakunida tomonlar qoʻshma davra suhbatlari tashkil etish va odam savdosiga qarshi kurashishning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashish orqali ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash boʻyicha kelishuvga erishdi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.