Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish Milliy komissiyasining navbatdagi majlisi boʻlib oʻtdi

    Ijtimoiy hayot 12 Avgust 2022 1509

    Joriy yil 12-avgustda Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish Milliy komissiyasining navbatdagi majlisi boʻlib oʻtdi.

    Tadbirda Milliy komissiya aʼzolari, mutasaddi vazirlik va idoralar, nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari, shuningdek, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi, Milliy komissiya raisi Tanzila Narbayeva olib borgan majlisda odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurashish borasida 2022-yil 6 oyi davomida amalga oshirilgan ishlar, soha boʻyicha xalqaro hamkorlik doirasida erishilgan natijalar va kelgusidagi vazifalar toʻgʻrisida soʻz yuritildi.

    Qayd etilganidek, sohaga doir qonunchilik asoslarini mustahkamlash hamda qonunchilik bazasini xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish ishlari izchil davom ettirildi. Xususan, 8 ta normativ-huquqiy hujjat, yaʼni 3 ta qonun, 1 ta Prezident farmoni va 4 ta qarori qabul qilindi va amaliyotga tatbiq etildi.

    Shuningdek, Xalqaro mehnat tashkilotining “Qurilishda mehnat xavfsizligi va gigiyenasi toʻgʻrisida”gi 167-sonli Konvensiyasi ratifikatsiya qilindi. Mazkur konvensiyaning ratifikatsiya qilinishi qurilish sohasiga mehnat xavfsizligi va gigiyenasi boʻyicha xalqaro standartlarni samarali joriy etishga xizmat qilishi taʼkidlandi.

    Bu yoʻnalishdagi ishlarni yanada takomillashtirish maqsadida Xalqaro mehnat tashkilotining sogʻliqni saqlash va qishloq xoʻjaligi sohalarida mehnat munosabatlarini tartibga solishni nazarda tutadigan tegishli konvensiyalarini ratifikatsiya qilish masalalari Milliy komissiya aʼzolari tomonidan oʻrganilayotgani qayd etildi.

    Taʼkidlanganidek, Milliy komissiya tomonidan mamlakatimizda soha boʻyicha amalga oshirilgan islohotlarni xalqaro hamjamiyat diqqat eʼtiboriga yetkazish hamda mamlakat imijini koʻtarish maqsadida qator xalqaro tadbirlar va davra suhbatlari tashkil etildi va aniq natijalarga erishildi.

    Taʼkidlanganidek, AQSH Davlat departamenti tomonidan 2018-yilda eʼlon qilingan “Odam savdosi boʻyicha yillik hisobot”da Oʻzbekiston quyi 3-daraja davlatlari qatoridan 2-darajadagi davlatlarning “nazorat roʻyxatiga” oʻtkazilgan edi. Yaqinda eʼlon qilingan navbatdagi hisobotda esa 2021-yildagi kabi xalqaro standartlarni toʻliq bajarish boʻyicha keng koʻlamli ishlarni amalga oshirayotgan davlatlar (2- toifa) roʻyxatida oʻzgarishsiz qoldirildi.

    Hisobotda Oʻzbekistonda pandemiya sharoitida odam savdosiga qarshi kurashish sohasida amalga oshirilgan ishlar yuqori baholangan. Xususan, odam savdosi bilan shugʻullanuvchi shaxslar, shu jumladan, fuqarolarni majburiy mehnatga jalb qilgan rasmiylarni aniqlash va ularni jazoga tortish, paxta terimiga fuqarolarni majburiy jalb qilish holatlarining keskin qisqarganligi, odam savdosi qurbonlari uchun boshpanalar tashkil etishga mablagʻ ajratish masalasiga katta eʼtibor berilganligi alohida qayd etilgan.

    Tadbirda AQSH Davlat departamenti tomonidan eʼlon qilingan Jahonda odam savdosi toʻgʻrisidagi yillik maʼruza hamda unda Oʻzbekiston eʼtibor qaratishi lozim boʻlgan masalalar yuzasidan bildirilgan tavsiyalar muhokama etilib, mazkur tavsiyalarni amaliyotga tatbiq etish boʻyicha alohida chora-tadbirlar rejasi qabul qilindi.

    Maʼlumki mamlakatimizda odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish borasida amalga oshirilgan keng koʻlamli islohotlar natijasida oʻzbek paxtasiga qoʻyilgan boykot bekor qilindi. Bu oʻz navbatida oʻzbek paxtasining jahon bozoriga chiqish imkoniyatini yanada kengaytirdi.

    Bugungi kunda paxta-toʻqimachilik sohasidagi koʻplab yirik brend korxonalarning vakillari yurtimizga tashrif buyurib, ushbu sohaga investitsiya kiritish istagini bildiryapti. Shu bilan birga toʻqimachilik korxonalarida texnik va ishlab chiqarish standartlarini xalqaro darajaga moslashtirish nuqtayi nazaridan takliflarini ham beryapti.

    Shu munosabat bilan, Milliy komissiyasi tomonidan tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda ishlab chiqilgan Oʻzbekiston toʻqimachilik sanoatiga xalqaro texnik standartlarni va ishlab chiqarish talablarini joriy etish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” loyihasi muhokama etildi.

    Taʼkidlanganidek, mazkur “Yoʻl xaritasi”da toʻqimachilik korxonalarida texnik va ishlab chiqarish standartlarini xalqaro darajaga moslashtirish, xalqaro brend va yirik kompaniyalarning mahalliy korxonalar bilan hamkorlik qilishga, paxta-toʻqimachilik sanoatidagi korxonalarimiz faoliyatiga xalqaro tan olingan mehnat, ishlab chiqarish, texnik va boshqa standartlarni keng tatbiq qilishga qaratilgan 20 ga yaqin tadbirlarni amalga oshirish belgilangan.

    Majlisda Milliy komissiya tarkibidagi Odam savdosiga qarshi kurashish masalalari boʻyicha kichik komissiyaga rahbarlik qilayotgan Ichki ishlar vazirligi hamda Majburiy mehnatga qarshi kurashish masalalari boʻyicha kichik komissiyaga rahbarlik qilayotgan Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining axborotlari ham eshitildi.

    Muhokama qilingan masalalar yuzasidan Milliy komissiyaning tegishli qarori qabul qilindi hamda kelgusidagi vazifalar belgilab olindi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.