2020 yil 4 dekabr` kuni Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasining navbatdagi yig'ilishi bo'lib o'tdi. Unda Komissiya a'zolari, vazirlik va idoralar mutasaddilari, nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi, Milliy Komissiya raisi Tanzila Narbaeva olib borgan ushbu majlisda respublikada chaqaloq savdosining oldini olish, uning kelib chiqish sabablari, omillari va mavjud muammolar hamda joriy yilgi paxta yig'im-terimi mavsumi davomida majburiy mehnatga qarshi kurashish borasida amalga oshirilgan ishlar, ko'rilgan choralar va ularning samaradorligi tanqidiy muhokama qilindi.
Yig'ilishda O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Respublikada chaqaloq savdosi jinoyatlarini erta aniqlash va ularni bartaraf etish bo'yicha ko'rilayotgan choralar yuzasidan hisoboti eshitildi.
Bundan tashqari, Xalq ta'limi vazirligining Vasiylik va homiylik organlari tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar, mavjud muammolar va ularni bartaraf etish yuzasidan takliflar hamda Sog'liqni saqlash vazirligining o'z tizimidagi muassasalarda chaqaloq savdosining oldini olish bo'yicha ko'rilayotgan choralar, mavjud muammolar va ularni bartaraf etish yuzasidan takliflar to'g'risidagi axborotlari eshitildi.
Shu bilan birga, O'zbekiston Respublikasida chaqaloq savdosining oldini olish va unga qarshi kurashish ishlarini yanada kuchaytirish bo'yicha chora-tadbirlar rejasi loyihasi ko'rib chiqilib, ma'qullandi.
Yig'ilishda joriy yilgi paxta yig'im-terimi mavsumida majburiy mehnatga yo'l qo'ymaslik va terimchilar uchun munosib mehnat sharoitlarini yaratish bo'yicha ko'rilgan choralarning samaradorligi tahlil qilindi.
Jumladan, senatorlar, deputatlar, vazirlik va idoralar vakillari, jurnalist va blogerlardan iborat 13 ta, Davlat mehnat inspektorlari ishtirokida 6 ta ishchi guruh tashkil etilib, aholi, korxona, tashkilot va muassasalar xodimlari o'rtasida majburiy mehnatning oldini olish bo'yicha targ'ibot ishlari o'tkazildi. Joylardan tushgan murojaatlar zudlik bilan o'rganilgani hamda aniqlangan muammolar joyida bartaraf etilgani, majburiy mehnatga yo'l qo'ygan va munosib mehnat sharoitlari yaratilishiga etarli e'tibor qaratmagan mansabdor shaxslarga nisbatan qonuniy choralar ko'rilgani ta'kidlandi.
Ishchi guruhlar tomonidan respublikaning barcha tumanlaridagi 5 861 ta ob'ektda o'rganish ishlari olib borildi. O'rganishlar davomida Davlat mehnat inspektsiyasi tomonidan mehnat qonunchiligini buzganligi uchun 170 nafar mansabdor shaxsga jami 653 million 167 ming so'm miqdorda ma'muriy jarima tayinlandi.
Jumladan, majburiy mehnatga yo'l qo'yganligi uchun 42 nafar mansabdor shaxs Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksining 51-moddasiga asosan javobgarlikka tortildi va yana 6 ta holat yuzasidan tegishli hujjatlar sudlarga kiritildi.
Yig'ilishda joylarda majburiy mehnatga qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, xususan, paxta yig'im-terimi mavsumi davomida majburiy mehnatning oldini olish bo'yicha ko'rilgan choralar yuzasidan Namangan, Jizzax, Toshkent, Surxondaryo va Xorazm viloyatlari hokimliklarining axborotlari eshitildi.
Shu bilan birga, ushbu viloyatlarda paxta yig'im-terimi mavsumi davomida terimchilar uchun munosib mehnat sharoitlarini yaratib berish, ularning pullarini o'z vaqtida berilishini ta'minlash, majburiy mehnatning oldini olish bo'yicha olib borilgan ishlar talab darajasida tashkil etilmaganligi tanqid qilindi.
Kun tartibida muhokama qilingan masalalar yuzasidan tegishli qaror qabul qilinib, kelgusidagi vazifalar belgilab olindi.
O'zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senatining
axborot xizmati