Messenjerda sizga notanish, biroq sizning ijtimoiy tarmoqlardagi akkauntingizda bir-nechta tanishlaringizning doʻstlari roʻyxatida mavjud boʻlgan shaxs sms yozib, yengil va daromadli qoʻshimcha ish taklif qiladi.
Yoki bankomat yonida tushkunlikka tushgan bir notanish shaxs sizga umidsiz holatda ekanini, unga zudlik bilan pul kerakligini, bank kartasi esa ishlamay qolganini aytadi. Soʻng, u sizdan tanishi yuborishi lozim boʻlgan pulni sizning plastik kartangizga qabul qilib, uni naqdlashtirib berishda amaliy yordam berishingizni soʻraydi.
Bir qaraganda, bunda shubhali hech narsa yoʻqdek. Hayotda turli holatlar boʻlib turadi. Ammo rozi boʻlmang! Siz firibgarlik sxemasining ishtirokchisiga aylanishingiz mumkin. Bu esa hatto jinoiy javobgarlikka tortilishingizga sabab boʻlishi mumkin.
Ehtimol, firibgarlar sizdan “drop” — yaʼni, (vositachi) sifatida foydalanmoqchi.
Firibgarlar bilan munosabatga kirishmaslik uchun nima qilish kerak?
1. Bankomat yonida notanish odamlarga yordam berishga rozi boʻlmang.
Agar bankomat bank binosida joylashgan boʻlsa, ushbu masala boʻyicha bank xodimini chaqiring. Agar bankomat savdo markazida yoki boshqa joyda boʻlsa, hamsuhbatingizga muloyimlik bilan rad javobini bering va unga bankning “ishonch telefoni”ga qoʻngʻiroq qilishni tavsiya eting.
2. Yengil daromad haqidagi takliflarga rozi boʻlmang.
Hatto bunday taklif sizning doʻstingiz yoki tanishingiz tomonidan kelgan boʻlsa ham. Sizdan jinoiy maqsadlarda foydalanishlari mumkin, doʻstingiz esa oʻzi noqonuniy sxemada ishtirok etayotganligini va sizni ham unga jalb qilayotganligini bilmasligi mumkin.
3. Agar mavjud boʻsh ish oʻrinlari sizda shubha uygʻotsa, ehtimoliy ish beruvchilar bilan muloqotni davom ettirmang.
Kompaniyaning rasmiy nomini va veb-sayti manzilini aniqlashtiring hamda saytida koʻrsatilgan raqamga oʻzingiz qayta qoʻngʻiroq qiling. Shuningdek, kompaniya haqidagi fikr-mulohazalarni ham koʻrib chiqing. Agar bunday maʼlumotlar mavjud boʻlmasa, bu ham ogohlantiruvchi belgi boʻlishi mumkin.
4. Ijtimoiy tarmoqlar va messenjerlarda begona odamlarning takliflariga javob bermang.
Koʻp holatlarda firibgarlar aynan shu joylarda “dropper” (vositachi) izlaydilar — yoki oddiy suhbat orqali tanishishga urinadilar yoki yengil daromadli ish taklif qiladilar. Albatta, bunday ish haqida batafsil maʼlumot olish mumkin (firibgarlik sxemasini tushunish uchun), lekin hech qanday topshiriq va iltimoslarni bajarish mumkin emas.
5. Har qanday shubhali holatda bankka oʻzingiz qoʻngʻiroq qiling.
Agar sizga goʻyoki bankingizdan qoʻngʻiroq boʻlsa, lekin suhbat shubhali mavzular haqida boʻlsa yoki sizda noqulaylik uygʻotsa, ular nima talab qilayotganligini aniqlab oling, uyali aloqa orqali suhbatni toʻxtating va bank kartangizda koʻrsatilgan rasmiy raqam orqali oʻzingiz bank “ishonch telefoni”ga qayta qoʻngʻiroq qiling.
Suhbat davomida bank xodimiga qoʻngʻiroq haqida barcha maʼlumotlarni soʻzlab bering, u sizga haqiqatdan ham bank xodimi qoʻngʻiroq qilganligi yoki qoʻngʻiroq qilmaganligini aytadi hamda bunday holatlarda oʻzingizni qanday himoya qilish kerakligi haqida maslahat beradi.
Firibgarlardan qanday qutulish mumkin?
Telefon orqali hech kimga SMS-xabarlardan olingan parol va kodlarni aytmang (suhbatdoshingiz sizga oʻzini kim sifatida tanishtirishidan qatʼiy nazar) va oʻzingiz tanimagan shaxslar koʻrsatmasiga asosan plastik kartangiz bilan hech qanday operatsiyalarni amalga oshirmang;
Eʼlonlar sayti orqali xarid qilganda, toʻlovni faqat tovar yoki xizmatni olganingizdan soʻng amalga oshiring;
Nomaʼlum havolalarga oʻtmang va uyali aloqa vositangizga begona ilovalarni yuklab olmang.









