Strategiya sud tizimini 2030-yilga kelib xalqchil, mustaqil, ochiq va raqamli tizimga aylantirishni maqsad qilgan. Strategiya “Sudlar — xalqchil va adolatli odil sudlov qo‘rg‘oni va Yangi O‘zbekistonning haqiqiy ustuni” shiori ostida ishlab chiqilgan. Maqsad aholining sudga bo‘lgan ishonchini mustahkamlash, sudyalar imijini yaxshilash va insonning huquq hamda erkinliklarini samarali himoya qiladigan zamonaviy sud tizimini yaratishdir. Hujjatga ko‘ra, 2030-yilga kelib sud tizimi sifatli va barqaror odil sudlovni ta’minlashi, raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektdan foydalanishi, shuningdek, korrupsiyaga nisbatan mutlaq murosasizlik, yuksak professionalizm va ochiqlik namunasiga aylanishi kerak.

Islohotlar oltita ustunga tayanadi: “Xalqchil sud”, “Adolat qo‘rg‘oni”, “Kafolatlangan adolat”, “Adolat posbonlari”, “Raqamli odil sudlov” va “Xalqaro e’tirof”.

Sudga murojaat qilish osonlashadi

Ko‘p odam sudga borishdan nega cho‘chiydi? Murakkab jarayon, hujjatdagi mayda kamchilik uchun arizaning qaytarilishi, ortiqcha byurokratiya shular jumlasidan. Strategiya bu muammolarni hal etishni nazarda tutadi:

Ariza qaytarilmaydi, tegishli sudga yuboriladi. Hozirgacha ariza “ish bu sudga tegishli emas” deb qaytarilar edi. Endi ariza sudning o‘zi omonidan tegishli sudga o‘tkaziladi, bunda fuqaro dastlab to‘lagan davlat boji ham inobatga olinadi.

Formal kamchilik ishni to‘xtatmaydi. Ariza mazmuniga ta’sir qilmaydigan kamchiliklar (masalan, sud nomining noto‘g‘ri yozilishi yoki nusxalarning qo‘shilmaganligi) uchun ariza qaytarilmaydi. Kamchilikni sudning faol ko‘magi bilan tuzatish tartibi joriy etiladi.

“Yagona darcha”. Sud binolarining kirish qismida ma’lumot olish, protsessual murojaatlar bo‘yicha tashkiliy yordam, arizalarni tezkor qabul qilish va raqamli sud xizmatlaridan foydalanishda yordam beradigan xizmat ofislari ochiladi.

Raqamli qulayliklar. Sudning interaktiv xizmatlar portali (my.sud.uz) takomillashtiriladi, uning yangilangan mobil ilovasi ishga tushiriladi. Portalda “Sudga murojaat namunalari” xizmati orqali da’vo arizalarini tayyorlash osonlashadi.

Strategiya 2030-yilga qadar sudga murojaat qiluvchilarga xizmat ko‘rsatishni 100 foiz “yagona darcha” tamoyili asosida tashkil etishni maqsad qilgan.

Sud xarajatlari: aniqroq va adolatliroq

Davlat boji ko‘pchilik uchun sudga borishdagi eng sezilarli to‘siqlardan biri edi. Strategiyada bu borada bir qator o‘zgarish rejalashtirilgan: boj bo‘yicha imtiyozlarni tartibga solish va imtiyozdan insofsiz foydalanishning oldini olish, fuqarolik va iqtisodiy sudlarga murojaat uchun boj stavkalarini unifikatsiya qilish, ishni mazmunan hal qilmaydigan sud ajrimlariga shikoyat qilishda boj stavkalarini qat’iy belgilash. Tomonlar murosaga kelsa, boj miqdori kamayadi, ma’naviy zararni undirish bo‘yicha da’vo bergan da’vogar esa davlat bojini to‘lashdan ozod bo‘ladi. Xalqaro to‘lov tizimlari orqali sud xarajatlarini to‘lash imkoniyati ham yaratiladi.

Sudgacha hal qilinadigan nizolar: mediatsiya

Har bir nizo sud zalida tugashi shart emas. Fuqarolik va iqtisodiy sudlarda sud mediatsiyasi instituti joriy etiladi. Mediatsiya orqali hal etiladigan ishlar sonini kamida 30 foizga oshirish rejalashtirilgan. Shuningdek, ayrim toifadagi ishlar bo‘yicha (davlat organi ishtirokidagi, ayrim shartnomaviy yoki intellektual mulkka oid nizolar) nizoni sudgacha hal qilishning majburiy tartibi belgilanadi.

Jinoyat ishlarida inson huquqlari kafolati

“Asosli gumon” standarti. 2027-yil 1-iyuldan shaxsga nisbatan protsessual majburlov choralarini qoʻllash (sanksiya berish) toʻgʻrisidagi iltimosnoma ko‘rilganda tergov sudyasi “asosli gumon” (prima facie) xalqaro standartiga tayanadi. Ya’ni sudya shaxsni ushlab turishning qonuniyligi va asoslilik darajasini, gumon qilish yoki ayblash uchun asoslar yetarliligini baholaydi. Gumon yetarli ko‘rinmasa, tergov sirini saqlagan holda qo‘shimcha hujjatlar talab qilishi mumkin.

Sud nazorati kengayadi. Shaxsning konstitutsiyaviy huquqlarini bevosita cheklaydigan tezkor-qidiruv tadbirlariga sanksiyani endi sudlar beradi. “Habeas korpus” instituti doirasi kengaytirilib, tergovga qadar, surishtiruv va tergov harakatlari ustidan sud nazorati kuchaytiriladi.

Xalq vakillari hay’ati (jury). O‘ta og‘ir toifadagi jinoyat ishlari (masalan, og‘irlashtiruvchi holatlarda odam o‘ldirish) bo‘yicha sudlanuvchining iltimosiga ko‘ra ish xalq vakillari hay’ati ishtirokida ko‘rilishi mumkin bo‘ladi. 2030-yilga qadar kamida uchta jinoyat tarkibi bo‘yicha hay’at tomonidan ko‘riladigan ishlar bo‘lishi nazarda tutilgan.

Liberallashtirish. Qamoqqa muqobil choralar, yarashuv va aybga iqror bo‘lib kelishuv institutlarini qo‘llash kengaytiriladi. Jinoyat ishlarida yarashuv institutidan foydalanish bo‘yicha ishlar ulushini 20 foizga oshirish rejalashtirilgan. Ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan va uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyatlar bo‘yicha sud muhokamasining soddalashtirilgan tartibi joriy etiladi. Jinoyat jarayonida holislar institutini takomillashtirish uchun protsessual harakatlarni videoyozuv orqali qayd etish tartibi bosqichma-bosqich joriy etiladi.

Hukmning ijrosi. Sud qarorlari ijrosini ta’minlash mexanizmlari takomillashtiriladi, hukm ijrosi kechiktirilganda ijroni nazorat qilish kuchaytiriladi.

Sudlar tuzilmasi o‘zgaradi

Farmonga ko‘ra, 2027-yil 1-iyuldan hududlararo sudlar tashkil etiladi: hududlararo umumiy yurisdiksiya sudlari va hududlararo ma’muriy sudlar. Ular beshta hududni qamrab oladi:

Hududlararo sud

Qamrab oladigan hududlar

Qoraqalpog‘iston

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm viloyati

Qashqadaryo

Qashqadaryo, Buxoro, Surxondaryo viloyatlari

Samarqand

Samarqand, Navoiy, Jizzax viloyatlari

Toshkent

Toshkent shahri, Toshkent va Sirdaryo viloyatlari

Farg‘ona

Farg‘ona, Andijon, Namangan viloyatlari

Bu sudlar viloyat sudlari ko‘rgan ishlarni apellyatsiya, kassatsiya va taftish tartibida qayta ko‘radi. Viloyat sudlari esa o‘zlari birinchi instansiyada ko‘rgan ishlarni qayta ko‘rish vakolatidan holi bo‘ladi. Maqsad ish ko‘rishda sudyalar mustaqilligini mustahkamlash va bir hududda sudyalarning o‘z hamkasblari qarorini tekshirishiga yo‘l qo‘ymaslikdir. Shuningdek, Oliy sud fuqarolik ishlari bo‘yicha tuman va shahar sudlari tuzilmasini bosqichma-bosqich tashkil etadi, sudlarda boshqaruv lavozimlari soni ortiqcha bo‘lmasligi ta’minlanadi.

Sud amaliyotida bir xillik: “Pretsedentlar reestri”

Bir xil ishda turli sudlar turlicha qaror chiqarsa, fuqaroning adolatga ishonchi sustlashadi. Shu sababli 2027-yil 1-avgustdan Oliy sud Raisati qarorlari ochiq e’lon qilinadi va yangilab boriladi (“Pretsedentlar” reestri). Strategiya 2030-yilga qadar muayyan toifadagi ishlar bo‘yicha yakuniy huquqiy pozitsiyani shakllantiruvchi kamida 15 ta qaror bo‘lishini ko‘zda tutadi. Sud qarorlarining huquqiy, institutsional, iqtisodiy va ijtimoiy ta’sirini baholash (Judicial Decision Impact Assessment) tizimi ham joriy etiladi. Qaror qabul qilishda faqat qonun talablariga emas, balki adolat, mutanosiblik va oqilona muddat kabi tamoyillarga ham rioya qilish ta’minlanadi. Sud hujjatlari ham soddalashtiriladi: mantiqan tushunarli, qisqa va lo‘nda bo‘lishi nazarda tutilgan.

“Court Administration” instituti

Sudya moddiy-texnik ta’minot, kadrlar yoki hisobot ishlari bilan emas, adolat bilan band bo‘lishi kerak. Shu sababli sud ma’murchiligi (Court Administration) instituti joriy etiladi: sudlarning tashkiliy, moliyaviy, texnik va axborot-tahliliy ta’minoti alohida sud mahkamasi zimmasiga o‘tadi. Sudya yordamchilariga ham ko‘proq protsessual vakolatlar beriladi. Strategiya sudyalarga odil sudlovga aloqador bo‘lmagan vazifalardan 100 foiz ozod etishni va ish yukini kamida 20 foizga kamaytirishni maqsad qilgan.

Sudyalar murakkab ishlar bo‘yicha ixtisoslashadi: kiberjinoyat, korrupsiyaga qarshi kurash, elektron dalillar, sun’iy intellekt, xalqaro arbitraj kabi yo‘nalishlar bo‘yicha. Mehnat, oila, voyaga yetmaganlar va ayollar huquqlari, soliq, yo‘l-transport hodisalari, to‘lovga qobiliyatsizlik kabi yo‘nalishlarda ham sudyalar ixtisoslashtiriladi.

“Adolat posbonlari”: yangi sudyalar qanday tayyorlanadi?

Uzluksiz kadrlar tayyorlash zanjiri. Odil sudlov akademiyasida “magistratura – qayta tayyorlash – amaliy stajirovka – baholash – sudya lavozimiga tavsiya – doimiy malaka oshirish” tizimi shakllantiriladi. O‘qitishda amaliy sud ishlari asosida o‘qitish (case-based learning) va muammoli vaziyatlarga asoslangan o‘qitish kabi usullar qo‘llanadi, “o‘quv sudlari” tashkil etiladi.

Kasbiy kompetensiyalar profili. Sudyalikka nomzodlarning intellektual salohiyati, emotsional intellekti, stressga chidamliligi va korrupsiyaga bardoshliligi baholanadi.

Xalqaro tajriba. Sudyalar va sud xodimlari xorijiy mamlakatlarda malaka oshiradi. Sudyalar uchun xorijda stajirovka va “case-management”, “time-management” kabi ko‘nikmalarni rivojlantirish ko‘zda tutilgan.

Ilmiy daraja uchun rag‘bat. 2026-yil 1-sentabrdan fan nomzodi (PhD) darajali sudya va sud xodimlariga lavozim maoshining 5 foizi, fan doktori (DSc) darajalilarga 10 foizi miqdorida qo‘shimcha ustama to‘lanadi.

Ijtimoiy himoya. Sudyalar va sud xodimlarining ruhiy hamda jismoniy salomatligini saqlash uchun ijodiy, madaniy-ma’rifiy va sport tadbirlari tashkil etiladi. BMT Bosh Assambleyasining 2025-yil 4-martdagi “Sudyalar va sud xodimlari farovonligi xalqaro kuni” rezolyutsiyasi tavsiyalarini amalga oshirish choralari ko‘riladi. Strategiya sudya va sud xodimlarining kamida 10 foizini xorijda malaka oshirish dasturlari bilan qamrab olishni ham ko‘zda tutadi.

Odil sudlov akademiyasi xalqaro standartlar asosida transformatsiya qilinib, xalqaro reytingda dunyoning eng yaxshi 1000 ta ta’lim muassasasi qatoriga kirishi ko‘zlanadi.

Halollik va korrupsiyaga murosasizlik

Sud tizimida korrupsiyaviy xavf-xatarlarni baholash va bartaraf etish uchun sun’iy intellektdan foydalanadigan “Sud tizimida korrupsiyaviy xavf-xatarlarni boshqarish” elektron axborot tizimi ishga tushiriladi. Sudyalar va sud xodimlariga “halollik vaksinasi” tamoyili asosida etika va halollik standartlari singdiriladi, buning uchun xalqimizning urf-odatlari, milliy va umumbashariy qadriyatlaridan keng foydalaniladi. Strategiya 100 foiz sudya va sud xodimini korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha o‘qitishni maqsad qilgan.

Sudyalar mustaqilligi uchun moddiy-texnik ta’minot me’yorlari ham belgilanadi, ishga yangi kirgan sudyalar uchun ustama va qo‘shimcha to‘lovlar saqlanadi. Sudlov mustaqilligiga aralashuvchi omillar bartaraf etiladi. Sudyalarga nisbatan intizomiy ish yuritish xalqaro standartlar asosida takomillashtirilib, sudyalar vakillari, sud faxriylari va fuqarolik jamiyati institutlari vakillaridan iborat intizomiy hay’at tashkil etiladi.

Ochiq sud: jamoatchilik bilan hamkorlik

Strategiyaning birinchi ustuni, “Xalqchil sud”, jamoatchilik bilan aloqaga katta e’tibor beradi:

Sudlar faoliyatiga oid ochiq ma’lumotlar ro‘yxati belgilanadi, ular rasmiy veb-saytlarda joylashtiriladi.

Oliy sud Plenumi va Sudyalar oliy kengashining ilk bor sudyalikka tayinlash bo‘yicha majlislari jonli efirda ko‘rsatiladi.

Oliy sud huzurida sudlar faoliyatini yoritish va aholining huquqiy ongini oshirish uchun mediamarkaz tashkil etiladi, sud reporterlari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.

Sud faoliyati ijtimoiy tarmoqlarda keng yoritiladi: “Sudya tushuntiradi” medialoyihasi, “Rost yoki yolg‘on” rukni, “Sudyaning bir ish kuni” loyihasi, “Adolat” podkasti kabi ijodiy formatlar yo‘lga qo‘yiladi.

Jamoatchilik faollari, nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari vakillari, blogerlar, tadbirkorlar va olimlardan iborat Jamoatchilik kengashi hamda xorijiy sudyalar va nufuzli mutaxassislardan iborat Xalqaro maslahat kengashi tashkil etiladi.

Adolat sohasida muhim voqea-hodisalar va shaxslarni abadiylashtirish uchun har yili dasturlar tasdiqlanadi. Jumladan, Halima Muxitdinova, Hadicha Sulaymonova, Mamlakat Vasikova, Buritosh Mustafayevlarning yubileylari nishonlanadi. 2026-yil noyabrda esa ma’muriy sudlar tashkil etilganining 10 yilligiga bag‘ishlangan chora-tadbirlar dasturi amalga oshiriladi.

Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan sud islohotlari bo‘yicha 2027-yil oktyabrda xalqaro konferensiya o‘tkaziladi.

Raqamli sud va sun’iy intellekt

“Raqamli sud” konsepsiyasi sud ishlarini qog‘ozsiz, to‘liq elektron shaklda yuritishni nazarda tutadi. Sud majlislari audioyozuv orqali, sud xabarnomalari elektron shaklda (SMS yoki elektron pochta) yuboriladi. Sudlarga murojaatlarning kamida yarmi elektron shaklda berilishi maqsad qilingan. Sud rahbariyati qabuliga yozilish onlayn formatga o‘tkaziladi, “Adolat” axborot tizimlari majmuasi va uning sudyalar uchun mobil ilovasi yaratiladi.

Sun’iy intellekt masalasida strategiya ehtiyotkor: texnologiyadan xavfsiz, mas’uliyatli va maqsadli foydalanish ta’minlanadi, sudyaning adolatni amalga oshirishdagi mutlaq vakolati esa saqlanadi. Sud sohasida sun’iy intellektdan foydalanish tartibga solinadi, uning sud amaliyotini tahlil qilish va raqamli xizmatlar ko‘rsatishdagi o‘rni belgilanadi. Murakkab bo‘lmagan ishlar bo‘yicha insonsiz, avtomatlashtirilgan algoritm orqali ish hal qiladigan raqamli modul esa faqat 2028-yil oxiriga qadar bosqichma-bosqich joriy etilishi rejalashtirilgan.

Xalqaro hamkorlik

Strategiyaning oltinchi ustuni, “Xalqaro e’tirof”, O‘zbekiston sud tizimining dunyodagi o‘rnini mustahkamlashga qaratilgan. Xorijiy davlatlar bilan sud va adliya organlari hamkorligi kuchaytiriladi, hozir Oʻzbekiston fuqarolari koʻp boʻlgan va iqtisodiy hamkorlik jadal rivojlanayotgan davlatlarning sud va adliya organlari bilan sud topshiriqlari bajarilishi hamda sud qarorlarining tan olinishi borasida shartnomalar tuziladi. Sud va sudyalar hamjamiyati organlari xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar bilan hamkorlikni faollashtiradi: Xalqaro sudyalar assotsiatsiyasi, Jahon tijorat sudlarining global forumi, Osiyo va Tinch okeani mamlakatlari Oliy sudlarining konferensiyalari kabi platformalarda ishtirok etish ko‘zda tutilgan. Strategiya 2030-yilgacha kamida 10 ta davlat bilan xalqaro shartnomalar tuzishni va kamida 6 ta xalqaro tashkilot bilan hamkorlik (a’zolik yoki kuzatuvchi maqomi) o‘rnatishni maqsad qilgan.

Shuningdek, Konstitutsiyaviy sud rahbarligida Osiyo konstitutsiyaviy sudlari va ekvivalent institutlari assotsiatsiyasining Samarqanddagi VII Kongressi hamda Toshkentdagi xalqaro simpoziumi o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

2030-yilga qadar asosiy maqsadlar

Aholining sud tizimiga ishonchini 80 foizga yetkazish.

“Ochiqlik indeksi”da Oliy sud va Sudyalar oliy kengashining dastlabki 30 talikka kirishi.

Fuqarolik va iqtisodiy ishlar ko‘rilishini 30 foizga yaxshilash.

Formal kamchiliklar tufayli arizalar qaytarilishini 100 foiz bartaraf etish.

Sudyalarning ish yukini kamida 20 foizga kamaytirish.

Sudlarda xalq vakillari hay’ati ishtirokida ko‘riladigan jinoyat tarkiblarini kamida 3 taga yetkazish.

Mediatsiya orqali hal etiladigan ishlar sonini 30 foizga va sudgacha hal etiladigan nizolar sonini 20 foizga oshirish.

Barcha sud binolarida nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun imkoniyatlar yaratilishiga erishish.

Sud majlislarini to‘liq audioyozuv bilan qayd etish.

“Odil sudlov – 2030” strategiyasi sudni fuqaroga yaqinlashtirish, sudyani ortiqcha yukdan xalos etish, inson huquqlari kafolatlarini kuchaytirish va sud faoliyatini ochiq hamda raqamli qilishni maqsad qilgan. Hujjatning markaziy g‘oyasi bitta: sudga murojaat qilgan har bir inson tez, tushunarli va adolatli qaror olishi kerak.

 

             A.Sayfiddinov,
TDYU Jinoiy odil sudlov fakulteti
     Tadqiqot markazi kichik ilmiy xodimi