Odil sudlov samaradorligini oshirish – davr talabi

    24-sentyabr kuni Oliy sudda Toshkent shahri va Toshkent viloyati maʼmuriy sudlari hamda jinoyat ishlari boʻyicha sudlari sudyalari ishtirokida “Odil sudlov samaradorligini oshirish – davr talabi” mavzuidagi davra suhbati boshlandi.

    Ushbu tadbir Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi, Toshkent davlat yuridik universiteti hamda Fridrix Ebert nomidagi jamgʻarmaning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda tashkil etildi.

    Videokonferensaloqa tarzida ikki kun davom etadigan muloqotda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 24-iyuldagi “Sudlar faoliyatini yana-da takomillashtirish va odil sudlov samaradorligini oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi va 2020-yil 10-avgustdagi “Sud-tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini himoya qilish kafolatlarini yana-da kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmonlarida belgilangan vazifalardan kelib chiqqan xolda jinoiy va maʼmuriy sudlov tizimini takomillashtirish istiqbollari masalalari muhokama qilinadi.

    Huquqiy va siyosiy masalalar boʻyicha ekspert G.Velling (Germaniya) ishtirokchilar eʼtiboriga dastlabki eshituv masalasida Germaniyaning tajribasini taqdim etadi. Shuningdek, Yevropa Ittifoqi tajribasi misolida korrupsiyaga qarshi kurashning fuqarolar huquqlari va qonuniy manfaatlari himoyasini taʼminlashdagi oʻrni, maʼmuriy sudlov islohotining jamiyat va biznes uchun ahamiyati hamda odil sudlovni amalga oshirishda ochiqlik va shaffoflik inson huquqlari himoyasining asosiy kafolati xususidagi maʼruzalar ham davra suhbati kun tartibidan oʻrin olgan.

    Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi matbuot xizmati