Odil sudlovdan barchaning foydalanishini taʼminlash yoʻlida

    Mamlakatimizda 27 Iyul 2021 546

    Odil sudlovdan barchaning teng foydalanishini taʼminlash uchun talab etiladigan shart-sharoitlar 2021-yil 26-iyulda “Oʻzbekiston Respublikasida odil sudlov va milliy ozchiliklarga doir Gras tavsiyalari” mavzusida oʻtkazilgan davra suhbati doirasida muhokama qilindi.

    Tadbir Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi, shuningdek Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Milliy ozchiliklar boʻyicha oliy komissari ofisi hamda YEXHTning Oʻzbekistondagi Loyihalari muvofiqlashtiruvchisi bilan hamkorlikda tashkil etildi.

    Odil sudlov va milliy ozchiliklarga doir Gras tavsiyalari oʻzida muayyan xalqaro tajribani mujassam etgan. Bu ijobiy tajriba Oʻzbekiston davlat organlari vakillari uchun qiziqarli ekani tabiiydir.

    Gras tavsiyalarida sudga va inson huquqlarini himoya qiluvchi milliy muassasalarga murojaat qilish bilan bogʻliq masalalar oʻz aksini topgan. Hujjatda milliy ozchiliklar yoki etnik hamjamiyatlarning odil sudlovdan foydalanishiga doir masalalar boʻyicha ishlab chiqilgan amaliy yondashuvlar jamlangan.

    Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi oʻrinbosari, Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov anjuman ishtirokchilarini qutlar ekan, agar mamlakatimizdagi barcha etnik guruhlarning odil sudlov tizimiga nisbatan ishonchini mustahkamlashni istar ekanmiz, ayniqsa, sudyalar oʻz vazifalarini ado etish asnosida adolatga naqadar amal qilishlarini yaqqol namoyon etishlari zarurligini taʼkidladi. Har birimizning ana shunday alohida saʼy-harakatlarimiz, oʻz navbatida, odil sudlov tizimiga nisbatan jamiyat ishonchini shakllantirishi mumkin.

    Davra suhbatida Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Milliy ozchiliklar boʻyicha oliy komissari Elchi Kayrat Abdraxmanov, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi Kozimjon Komilov, YEXHTning Oʻzbekistondagi Loyihalari muvofiqlashtiruvchisi – Elchi, doktor Per fon Arks ham soʻzga chiqdi.

    Tadbir ishtirokchilari taʼkidlaganlaridek, Gras tavsiyalarining Toshkentdagi ushbu taqdimoti Oʻzbekiston davlat organlari vakillari bilan Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Milliy ozchiliklar boʻyicha oliy komissari uchun etnik hamjamiyatlarning barcha vakillari odil sudlovdan teng foydalanishiga doir dolzarb masalalarni atroflicha muhokama qilish imkonini yaratdi.

    Bu masalalar, jumladan, qonun ustuvorligi, kamsitishga yoʻl qoʻymaslik va tenglikni, shu jumladan gender tenglikni taʼminlash prinsiplarini, mustaqil odil sudlov organi tomonidan oqilona muddatlarda adolatli ravishda muhokama qilinish huquqi hamda yuridik yordam koʻrsatish huquqini oʻz ichiga olgan.

    Anjuman doirasida odil sudlovdan foydalanilishini yaxshilash borasidagi xalqaro tajriba chuqur oʻrganildi. Sudlarda oʻz huquqlaridan foydalanishda hammaga toʻliq teng imkoniyatlar yaratilishini ragʻbatlantirish strategiyasi xususida ham soʻz yuritildi.

    Davra suhbatida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, xalqaro ekspertlar, mamlakatimiz vazirliklari va davlat tashkilotlari, fuqarolik jamiyati institutlari, shuningdek BMT Inson huquqlari boʻyicha oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyodagi vakolatxonasi, Yevropa Ittifoqining Oʻzbekiston Respublikasidagi delegatsiyasi, BMTTDning Toshkentdagi ofisi vakillari hamda Shvetsiya Qirolligining Oʻzbekistondagi Elchisi ishtirok etdi, deb xabar beradi Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazining matbuot xizmati