7-sentyabr kuni AOKAda boʻlib oʻtgan matbuot anjumanida Moliya vaziri oʻrinbosari Odilbek Isoqov tashqi qarz masalasi keng muhokamalarga sabab boʻlayotgani haqida toʻxtalib oʻtdi va buni ijobiy ekanligini taʼkidladi.

“Davlat tashqi qarzi hozirda munozaralarga sabab boʻlib kelayotgan mavzu va bu toʻgʻri. Bu mavzu xalqimiz, ommaviy axborot vositalarining diqqat markazida boʻlishi kerak. Qancha qarz olyapmiz, qayerga sarflayapmiz, buning natijasi qanday boʻlyapti, hammasi jamoatchilik nazoratida boʻlishi kerak.

Hozircha professional tahlil yetishmayapti. Bunga hali vaqt kerak. 2018-yil dekabrdan boshlab bu boʻyicha statistikalar ochiq aytila boshlandi. Bu narsani professional tahlil qiladigan jurnalist va blogerlar ham shakllanyapti, bunga albatta, vaqt kerak.

Yaqin kunlarda birinchi yarim yillik boʻyicha hisobot: qancha qarz olindi, qaysi sohalar boʻyicha, kimlardan va qaysi valyutalarda, qanday loyihalar moliyalashtirilyapti, uning ijrochilari kim, barchasi boʻyicha maʼlumot beriladi.

Istardikki, jamoatchilik nazorati nafaqat davlat tashqi qarzining statistikasi bilan, balki loyihalarni amalga oshirish jarayoni, ularning natijadorligi boʻyicha ham boʻlsa, maqsadga muvofiq boʻlardi. Oʻzbekistonda davlat tashqi qarzlari bilan bogʻliq barcha jarayonlar boʻyicha mustaqil monitoring tizimi yaratilishi kutilmoqda.

Davlat qarzini olishdan boshlab, yakunlangandan keyin ham mustaqil monitoring qilish boʻyicha tizim ishlab chiqish boʻyicha qaror loyihasi tayyorlanyapti. Moliya vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligining qarz jarayonlaridagi roli qanday, ular qanday ishlashi kerak, davlat qarzidan foydalanib loyihalari moliyalashtirilayotgan tashkilotlarning roli qanday boʻlishi qaror loyihasida aks ettiriladi”, dedi Odilbek Isoqov.

Odilbek Isoqov Inqirozga qarshi kurash jamgʻarmasiga jalb etilgan 1 milliard dollardan ortiq qarz haqida ham toʻxtaldi.

“Jahon bankidan 200 mln dollar (1-may kuni), Xalqaro valyuta jamgʻarmasidan 375 mln dollar (18-may kuni), Osiyo taraqqiyot bankidan 500 mln dollar (7-iyul kuni) olindi. Mazkur mablagʻlarning qayerga, qaysi tashkilotlarga berilayotgani boʻyicha shaffoflik bor, har bir xarajat eʼlon qilinyapti.

Qarzning oshib ketayotganidan xavotirga tushayotgan hamyurtlarimiz uchun aytishim mumkinki, bu kreditlarning aksariyati xalqning hayotini yaxshilash maqsadida sarflanyapti, dedi Moliya vaziri oʻrinbosari.