Odiljon Tojiyev Spiker oʻrinbosari lavozimiga saylandi

    Qonunchilik palatasi Spikerining raqamli rivojlanish va axborot siyosati masalalari boʻyicha oʻrinbosari lavozimi taʻsis etildi.

    2021-yil 23-fevral kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi boʻlib oʻtdi. Unda deputatlar parlament faoliyati samaradorligini yana-da oshirishga qaratilgan masalani koʻrib chiqdilar.

    Taʼkidlanganidek, soʻnggi yillarda mamlakatimizda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan jadal va izchil islohotlar jamiyatimizda barcha darajadagi davlat organlari faoliyatida ochiqlikni, oshkoralik va shaffoflikni taʼminlashga xizmat qilmoqda. Bu borada gap ketganda, davlat hokimiyati organlari bilan bir qatorda parlamentning ham qonun ijodkorligi, nazorat-tahlil faoliyatidan tashqari, mamlakatda ijtimoiy-siyosiy jarayonlardagi faolligi ham oshib bormoqda. Bu esa, oʻz navbatida, parlamentning faoliyati ochiqligini taʼminlashga ustuvor vazifa sifatida qarashni taqozo etadi.

    Shuningdek, keyingi toʻrt yil ichida parlamentning, xususan, Qonunchilik palatasining faoliyati xalqimiz, jamoatchilik uchun har tomonlama ochiq-shaffof holda kechmoqda. Deputatlar korpusining ish faoliyati, Qonunchilik palatasining turli formatdagi majlislari ommaviy axborot vositalarida, ijtimoiy tarmoqlarda toʻgʻridan-toʻgʻri, keng yoritib kelinmoqda. Bular ham parlamentning tom maʼnoda “xalq uyi”ga aylanishida muhim omil boʻlmoqda.

    Biroq bugungi kunda bu boradagi ishlarni hozirgi shiddatli islohotlarga hamohang tarzda jadallashtirish, parlamentning axborot siyosatini yana-da davr talablari asosida takomillashtirib borishni taqozo qiladi.

    Qayd etilganidek, joriy yilning 2-fevral kuni davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning mamlakatimizdagi siyosiy partiyalar rahbarlari bilan uchrashuvi oʻtkazilgan edi. Unda partiyalarning jamiyatimiz siyosiy-ijtimoiy hayotidagi oʻrni va rolini oshirish masalalari, shu bilan birgalikda, bu borada parlamentning oldida turgan muhim vazifalar belgilab berilgan edi.

    Bugungi majlis kun tartibiga kiritilgan masala ham bevosita mazkur tarixiy uchrashuv chogʻida bildirilgan taklif va fikr-mulohazalar bilan bevosita bogʻliqdir.

    Axborot maydonida deputatlarning ishtirokini yana-da kengaytirish, parlament aʼzolarining jamiyatda axborot siyosatini olib borishdagi faoliyatining samarali tizimini yaratish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining Raqamli rivojlanish va axborot siyosati masalalari boʻyicha oʻrinbosari lavozimi taʼsis etildi.

    Spikerning yangi oʻrinbosari davlat va jamiyat qurilishining barcha sohalariga raqamli texnologiyalarni keng joriy qilish ishlarini muvofiqlashtirish, parlament va hokimiyat vakillik organlarining davlat axborot siyosatini ishlab chiqish hamda tatbiq etish jarayonidagi faol ishtirokini taʼminlashga masʼul boʻladi.

    Shuningdek, u Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va siyosiy partiyalar fraksiyalari tomonidan amalga oshirilayotgan axborot-tahlil faoliyatiga oid ishlarni muvofiqlashtirib boradi.

    Ushbu lavozimga Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Mehnat va ijtimoiy masalalar qoʻmitasi raisi oʻrinbosari Odiljon Tojiyevning nomzodi qoʻyildi. Koʻpchilikning ovozi bilan O.Tojiyevning nomzodi Spiyerning Raqamli rivojlanish va axborot siyosati masalalari buyicha oʻrinbosari lavozimiga saylandi.