“Faxriy murabbiy” ordeni taʼsis etildi

    Mamlakatimizda 11 May 2020 1659

    Senatning toʻrtinchi yalpi majlisida “Faxriy murabbiy” ordenini taʼsis etish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni muhokama qilindi.

    Ushbu qonunga ilova sifatida “Faxriy murabbiy” ordeni toʻgʻrisida nizom hamda “Faxriy murabbiy” ordenining tavsifi tasdiqlangan.

    Nizomga koʻra “Faxriy murabbiy” ordeni bilan yoshlarni ona Vatanga muhabbat va sadoqat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, yosh isteʼdod egalarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ularning bilim va qobiliyatlarini yana-da rivojlantirishga munosib hissa qoʻshgan yurtdoshlarimiz taqdirlanadi.

    Mazkur orden bilan oʻzining chuqur bilim va boy hayotiy tajribasi bilan yoshlar maʼnaviyatini yuksaltirish va aholi oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini keng targʻib qilish borasida shaxsiy namuna koʻrsatib kelayotgan, davlat va jamiyat oldidagi yuksak xizmatlari bilan alohida eʼtibor qozongan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari, chet el fuqarolari hamda fuqaroligi boʻlmagan shaxslar ham mukofotlanishi mumkin.

    Bundan tashqari, hududlarda ijtimoiy-maʼnaviy muhitni sogʻlomlashtirish, oilalarda mehr-oqibat va hamjihatlik muhitini mustahkamlash, milliy qadriyatlarni asrab-avaylash va rivojlantirish, aholining kam taʼminlangan qatlamini ijtimoiy himoyalash ishlarida faol ishtirok etgan fidoyilar “Faxriy murabbiy” ordeniga munosib, deb topiladi.

    Shuningdek, “Ustoz-shogird” anʼanasi asosida yosh avlodga zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni oʻrgatish, tadbirkorlik va hunarmandchilikka keng jalb etish, yoshlar bandligini taʼminlash borasidagi fidoyiligi, uyushmagan yoshlarni foydali mehnatga jalb etish, yot gʻoyalar taʼsiridan asrash, ular oʻrtasida turli salbiy illatlarning oldini olish borasidagi munosib xizmatlari uchun ham yurtdoshlarimiz ushbu mukofotga sazovor boʻlishi belgilangan.

    Senat aʼzolari mazkur Qonunni maʼqulladi.