Qonun loyihada avtobozordagi adolatsizlikka chek qoʻyishga qaratilgan muhim oʻzgarish — odometr koʻrsatkichlarini soxtalashtirganlik uchun maʼmuriy javobgarlik belgilash koʻzda tutilmoqda.
Unda qayd etilishicha, hozirgi kunda ijtimoiy xavfli qilmishlarning yangi shakllari keng tarqalmoqda. Xususan, foydalanilgan transport vositalarini qimmat narxlarda sotish maqsadida odometr koʻrsatkichini soxtalashtirish holatlari kuzatilmoqda.
Shu bois, mazkur Qonun bilan odometr uskunasi koʻrsatkichlari oʻzgartirilganligi yoki odometr uskunasi almashtirilganligi haqida avtotransport vositasini realizatsiya qilishdan oldin xaridorni xabardor etmaslik uchun maʼmuriy javobgarlik choralari belgilanmoqda.
Yaʼni avtotransport vositalarining odometr koʻrsatkichlari oʻzgartirilganligi yoki odometr uskunasi almashtirilganligi haqida xabardor etmaslik, avtotransport vositasining bosib oʻtgan masofasini koʻrsatuvchi odometr uskunasi koʻrsatkichlari oʻzgartirilganligi yoki odometr uskunasi almashtirilganligi haqida avtotransport vositasini realizatsiya qilishdan oldin xaridorni xabardor etmaslik — bazaviy hisoblash miqdorining (BHM) oʻn baravaridan oʻn besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻlishi belgilanmoqda.
Bu nimani anglatadi?
Endilikda, foydalanilgan avtomobilni sotayotgan shaxs yoki tashkilot, agar mashinaning odometriga aralashilgan boʻlsa (masofa burilgan yoki uskuna almashtirilgan), bu haqda xaridorga sotuvdan oldin majburiy tartibda xabar berishi shart.
Ushbu majburiyatni bajarmaslik, yaʼni maʼlumotni yashirish yoki notoʻgʻri maʼlumot berish juda katta jarimaga (taxminan 3.4 million soʻmdan 5.1 million soʻmgacha) tortilishga olib keladi.
Bunday keskin choralar avtobozordagi shaffoflikni oshirishga, narxlarning sunʼiy koʻtarilishining oldini olishga va xaridorlarning haqiqatdan xabardor boʻlgan holda tanlov qilishiga xizmat qiladi.








