Qayd etilishicha, ushbu akademiya yosh va iqtidorli hakamlarni tayyorlash, ularga professional darajada bilim va koʻnikmalar berish hamda hakamlar oʻrtasida sogʻlom raqobat muhitini yaratish orqali hakamlik faoliyatining samaradorligini oshirishga qaratilgan.
Akademiyaga futbolchilik faoliyatini turli sabablarga koʻra yakunlagan, jismonan yetuk, futbol boʻyicha bilimga ega va chet tillarini biladigan yoshlar jalb etiladi. Oʻzbekistonning eng tajribali referilari, ustoz-murabbiylari va FIFA instruktorlari yosh hakamlarni har tomonlama kuchli, bilimli va professional mutaxassis sifatida tayyorlashga xizmat qiladi.
Akademiyaning boshlanishi va tanlovlar haqida batafsil maʼlumotlar OʻFA rasmiy sahifalarida eʼlon qilinadi. Tanlov va talablarga quyidagilar kiritilgan:
- Yosh: 18-28 yosh oraligʻida boʻlishi;
- Antropometrik koʻrsatkichlar: erkaklar uchun kamida 170 sm, ayollar uchun kamida 160 sm boʻlishi;
- Jismoniy tayyorgarlik darajasi;
- Futbol haqidagi tushunchasi va nazariy bilimlar;
- Kompyuter texnologiyalari hamda chet tili, xususan, ingliz tili boʻyicha bilim darajasi.
Akademiyada taʼlim jarayoni 6 ta modul asosida tashkil etiladi va talabalar maxsus ekipirovka hamda kerakli jihozlar bilan taʼminlanadi.