Assotsiatsiya FIFA Jahon chempionati yoʻllanmasini qoʻlga kiritilgandan soʻng musobaqaga puxta tayyorgarlik koʻrish navbatdagi ustuvor vazifa ekanini qayd etdi.
«Oʻzbekiston milliy terma jamoasi tarixda ilk bor FIFA Jahon chempionati yoʻllanmasini qoʻlga kiritdi. Ushbu tarixiy natija mamlakat futboli uchun yangi sahifa hisoblansa, navbatdagi ustuvor vazifa – Jahon chempionatiga puxta tayyorgarlik koʻrish va musobaqada munosib ishtirok etishni tashkil etishdir.
Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi tomonidan bu borada barcha yoʻnalishlarda tizimli ishlar boshlab yuborilgan. Jumladan, xalqaro tajribaga ega va Jahon chempionatida ishtirok etgan mutaxassislarni terma jamoaga taklif etish boʻyicha saʼy-harakatlar davom etmoqda. Xususan, OʻFA rahbariyati bu borada yaqin oʻtmishning yorqin yulduzlaridan biri, Jahon chempionati gʻolibi, 2006-yilda dunyoning eng yaxshi futbolchisi deb topilgan taniqli italiyalik mutaxassis Fabio Kannavaro bilan muzokaralar olib bormoqda.
Muzokaralar boʻyicha batafsil va rasmiy xabarlar OʻFA sahifalarida eʼlon qilinadi. OAV vakillaridan ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan norasmiy va asossiz xabarlarga tayanmasliklarini soʻraymiz», — deyiladi OʻFA xabarida.









