OʻFA prezidenti Jizzax viloyati hokimi, Odil Ahmedov va Eldor Shomurodovni taqdirladi

    Sport 28 Yanvar 2021 1264

    Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi 2021-yildan boshlab yangi anʼanani yoʻlga qoʻyayotganini maʼlum qildi.

    Maʼlum qilinishicha, endilikda oʻzbek futboli rivojiga hissa qoʻshayotgan, Oʻzbekiston dovrugʻini jahon arenalarida taratayotgan va mamlakatda futbol ommaviyligini oshirishda muhim oʻrin tutgan futbolchi va mutaxassislar OʻFA prezidentining maxsus sovrinlari bilan taqdirlanadi.

    OʻFA majlislar zalida oʻtgan taqdirlash marosimida assotsiatsiya prezidenti Abdusalom Azizov, birinchi vitse-prezident Ravshan Ermatov va boʻlinmalar rahbariyati ishtirok etdi.

    Bu yil ushbu taqdirlash jarayoni birinchi bor yoʻlga qoʻyildi va unda 5ta nominatsiya joriy etildi.

    «Oʻtgan mavsumda muxlislar va mutaxassislar eʼtiborini qozongan, milliy jamoalarimiz safida ishonchli oʻyin koʻrsatgan Ibrohimxalil Yoʻldoshev “Yil kashfiyoti” nomiga sazovor boʻldi. Sovrinni Ravshan Ermatov yosh futbolchimizning otasi Habibullo Yoʻldoshevga topshirdi.

    Oʻzbek futboli afsonasi Gennadiy Denisov “Milliy terma jamoa faxriysi” sovriniga munosib deb topildi.

    Ham maydonda, ham uning tashqarisida barchaga oʻrnak boʻladigan, har bir terma jamoaning ramziga aylangan futbolchi Odil Ahmedov Oʻzbekiston milliy jamoasidagi mardonavor harakati va fidoyiligi uchun “Milliy terma jamoa yuragi” sovrini bilan taqdirlandi.

    Jizzax viloyati hokimi, viloyat futbol assotsiatsiyasi prezidenti Ergash Soliyevning futbol ommaviylik darajasini oshirishdagi mehnatlariga munosib baho berildi. OʻFA prezidenti Abdusalom Azizov Ergash Soliyevni “Oʻzbek futboli rivojiga qoʻshayotgan hissasi uchun” sovrini bilan taqdirladi.

    Italiyaning “Jenoa” klubi safida sermahsul va yuqori darajali oʻyin koʻrsatib, oʻzbek futbolini jahonga yana-da tanitayotgan Eldor Shomurodov asosiy nominatsiya boʻlmish “Oʻzbek futbolining yorqin yulduzi” sovriniga loyiq deb topildi. Mazkur sovrinni futbolchining otasi Azamat Shomurodov OʻFA rahbaridan qabul qilib oldi», deyiladi rasmiy xabarda.