OʻFA uch nafar hakam Jasur Muxtorov, Temur Toʻxtasinov va Asker Nadjafaliyevni jiddiy jazoladi

    Sport 28 Noyabr 2020 1540

    OʻFA futbol faoliyatini nazorat qilish maxsus inspeksiyasi tomonidan futbol sohasida korrupsion holatlarga chek qoʻyishga qaratilgan keng koʻlamli oʻrganish ishlari amalga oshirilmoqda.

    Inspeksiya tomonidan oʻrganishlar natijasida Oʻzbekiston Superliga va Pro Liga uchrashuvlarida korrupsion holatlar, yaʼni bir qator futbol oʻyinlarida uchrashuvga yoki uning natijasiga taʼsir oʻtkazish maqsadida kelishuvlarda qatnashgan bir qator futbol hakamlari aniqlandi.

    OʻFA futbol faoliyatini nazorat qilish maxsus inspeksiyasi tomonidan mazkur holatga aloqadorlikda gumon qilingan 10 nafardan ortiq futbol hakamlari, professional futbol klublarining murabbiy va rasmiy shaxslari boʻyicha maʼlumotlar, tegishli futbol uchrashuvlari qaydnomalari, inspektorlarning futbol uchrashuvlari boʻyicha hisobotlari, hakamlarning futbol faoliyatini himoya qilish toʻgʻrisidagi deklaratsiyalari, tegishli futbol uchrashuvlaridagi shubhali epizodlar aks etilgan videomateriallar OʻFA Etika qoʻmitasiga koʻrib chiqish uchun taqdim etildi.

    Taqdim etilgan maʼlumotlar boʻyicha joriy yilning 17 va 25-noyabr kunlari OʻFA Etika qoʻmitasining yigʻilishlari boʻlib oʻtdi va tegishli tartibda OʻFA Etika qoʻmitasining 04/2020, 05/2020 - sonli qarorlari qabul qilindi.

    Ularga koʻra:
    1. FIFA, OFK hakami J.Y.Muxtorov OʻFA intizom kodeksining 5.44. bandiga asosan bir qator futbol oʻyinlarida uchrashuvga yoki uning natijasiga taʼsir oʻtkazish maqsadida kelishuvlarda qatnashgani uchun 5 (besh) yil muddatga futbol bilan bogʻliq har qanday faoliyatdan chetlatildi hamda 90 000 000 (toʻqson million) soʻm jarimaga tortildi.

    2. OʻFA Bosh hakami T.N.Toʻxtasinov OʻFA intizom kodeksining 5.44. bandiga asosan bir qator futbol oʻyinlarida uchrashuvga yoki uning natijasiga taʼsir oʻtkazish maqsadida kelishuvlarda qatnashgani uchun 2021-yilgi futbol mavsumida hakamlik qilishdan chetlatildi va 10 000 000 (oʻn million) soʻm jarimaga tortildi;

    3. OʻFA Bosh hakami A.S.Nadjafaliyev hakamlarning futbol faoliyatini himoya qilish toʻgʻrisidagi deklaratsiyasiga asosan OʻFA futbol faoliyatini nazorat qilish maxsus inspeksiyasi bilan hamkorlik qilganligi va OFK Hakamlar akademiyasida tahsil olayotganligi, tahsil jarayonida eng yaxshi koʻrsatkichlarni qoʻrsatayotganligini inobatga olib, biroq OʻFA intizom kodeksining 5.42. bandiga asosan OʻzPFL musobaqalarini oʻtkazish bilan bogʻliq real faktlarni buzib koʻrsatishga uringanligi uchun 2020-yil futbol mavsumi oxirigacha hakamlik qilishdan chetlatildi va 70 000 000 (yetmish million) soʻm jarimaga tortildi.

    Shu jumladan, qoʻmita qarorlari bilan mazkur holatlarga aloqador bir nechta yordamchi hakamlar, nazoratchilar, hamda futbol klublari masʼullari tegishli jarimalarga tortildi.

    Mazkur qaror OʻFA tomonidan rasmiy tarzda eʼlon qilingan kundan boshlab kuchga kiradi.

    OʻFA futbol faoliyatini nazorat qilish maxsus inspeksiyasi futbol sohasida shubha ostiga olingan vaziyatlar boʻyicha oʻrganish ishlarini davom ettirmoqda. Noqonuniy holatlar aniqlangan taqdirda OʻFA Etika qoʻmitasi tegishli tartibda koʻrib chiqib, yakuniy qarorlarni qabul qiladi.