Qayd etilishicha, OʻFA futbolchilarning maqomi va oʻtishi boʻyicha qoʻmitasi tomonidan “Navbahor lochinlari”, “Neftchi”, “Soʻgʻdiyona”, “Jizzax Zvezda Boʻston” futbol klublarining murabbiylar, futbolchilar va xodimlar oldidagi qarzdorligini bartaraf etishi uchun muddat belgilandi.
Maʼlumotlarga koʻra, baʼzi klublarda shartnoma shartlarini buzish, maoshlar toʻlovini kechiktirish bilan bogʻliq vaziyatlar kuzatilmoqda. Bunday holatlarni bartaraf etish, FIFA tomonidan jiddiy choralar koʻrilishining oldini olish maqsadida Futbolchilarning maqomi va oʻtishi boʻyicha qoʻmita yigʻilishi boʻlib oʻtdi.
Unda Oʻzbekiston futbolchilar uyushmasi, futbolchilar, murabbiylar va boshqa mutaxassislarning murojaatlari asosida “Navbahor lochinlari”, “Neftchi”, “Soʻgʻdiyona”, “Jizzax Zvezda Boʻston” futbol klublarining ish haqi va boshqa toʻlovlar boʻyicha qarzdorligi masalasi koʻrib chiqildi.
“Navbahor lochinlari” futbol klubi murabbiylar, asosiy jamoa, futzal jamoasi va ayollar jamoasi futbolchilari oldida qarzdorligi mavjudligi aniqlandi. “Neftchi” futbol klubining asosiy jamoa va ayollar jamoasi aʼzolari oldida, shuningdek, “Soʻgʻdiyona” futbol klubining ayollar jamoasi aʼzolaridan hamda “Lokomotiv” futbol klubidan transfer shartnomasi bilan bogʻliq qarzdorligi mavjudligi aniqlandi.
Bundan tashqari, Birinchi liga musobaqasida qatnashuvchi “Jizzax Zvezda Boʻston” futbol klubi ham futbolchilariga bir necha oydan buyon ish haqi va boshqa toʻlovlarni toʻlamasdan kelayotgani maʼlum boʻldi.
Futbolchilarning maqomi va oʻtishi boʻyicha qoʻmitasi tomonidan qayd etilgan qarzdorliklarni joriy yilning 14-fevral kuniga qadar bartaraf etish yuzasidan muddat belgilandi. Mazkur qarzdorliklar belgilangan muddatda bartaraf etilmagan taqdirda tegishli futbol klubiga nisbatan jiddiyroq choralar qoʻllanishi toʻgʻrisida ogohlantirildi.