Ofelia Nik O'zbekiston delegatsiyasini Global forumda ishtirok etishga taklif qildi

    O'zbekiston elchisi Dilshod Axatov Germaniya Oziq-ovqat va qishloq xo'jaligi vazirligi parlament davlat kotibi Ofelia Nik bilan uchrashuv o'tkazdi.

    Muloqot chogʻida qishloq xoʻjaligini rivojlantirish va oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash yoʻnalishida Germaniya bilan hamkorlikni kengaytirish hamda mavjud imkoniyatlardan yanada samarali foydalanish masalalari muhokama qilindi.

    Nemis tomoniga soʻngi yillarda mamlakatimizda barcha sohalarda, ayniqsa qishloq xoʻjaligini rivojlantirish va oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar, “Oʻzbekiston-2030” strategiyasi va undagi ustuvor vazifalar, jumladan “yashil” iqtisodiyotga oʻtish hamda tejamkor texnologiyalarni joriy etish yoʻnalishidagi rejalar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar taqdim etildi.

    Davlat kotibi Germaniyada iqlim oʻzgarishi, suv tanqisligi oqibatida yuzaga kelgan muammolarga toʻxtalib, qishloq xoʻjaligi sohasida mahsulotlar ishlab chiqarishda yangi va tejamkor texnologiyalarni joriy qilish hamda innovatsion bilim va koʻnikmalar transferi masalalarida ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirishning muhimligini taʼkidladi. Shuningdek, u nemis tomoni ekologik talablarga javob beradigan sifatli qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirish, yerni meliorativ holatini yaxshilash, eroziyaga qarshi kurashish yoʻnalishlarida tajriba almashishga tayyorligini bildirdi.

    Suhbat chogʻida Orol dengizining qurishi jahon miqyosidagi muammo ekanligi taʼkidlandi va bu borada dengizning qurigan tubida oʻrmonzorlar tashkil qilishda hamkorlikni kengaytirish va yangi loyihalar ishlab chiqish masalasida fikr almashildi.

    Yuqorida qayd etilgan va boshqa yoʻnalishlarda aloqalarni jadallashtirish maqsadida GFR Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi vazirligi parlamentar davlat kotibi Ofelia Nik boshchiligidagi delegatsiyaning kelgusi yilda Oʻzbekistonga tashrifini tashkil etish boʻyicha dastlabki kelishuvga erishildi. Tashrif doirasida ikki mamlakatning tegishli vazirliklari oʻrtasida ishchi guruhning 4-yigʻilishini oʻtkazish, Oʻzbekiston va Germaniya oziq-ovqat va agrar sohasidagi kompaniyalar ishtirokida biznes-forum tashkil etish, GFR hukumati koʻmagida Orol boʻyida qishloq xoʻjaligida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishish hamda yangi loyihalar ishlab chiqish boʻyicha muzokaralar oʻtkazishga kelishib olindi.

    Oʻz navbatida, Ofelia Nik yuqori darajadagi Oʻzbekiston delegatsiyasini kelgusi yil boshida Berlin shahrida boʻlib oʻtadigan “Yashil haftalik” xalqaro qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat mahsulotlari koʻrgazmasida milliy stend bilan hamda mazkur tadbir doirasida 17-20-yanvar kunlari tashkil qilinadigan Global forumda ishtirok etishga taklif qildi.