“Ofis xodimi sindromi”

    Salomatlik 15 Yanvar 2021 2496

    Xonada oʻtirib ishlash qanday kasalliklarni keltirib chiqarishi mumkin?

    Odatda, aksariyat ofis xodimlari bosh ogʻrigʻi, koʻz ichi qizarishi (achishish, qichishish), bel sanchiqlari, qorin dam boʻlishi va oyoq uvishishi kabi muammolardan shikoyat qiladi.

    Ushbu holat zamonaviy tibbiyotda “ofis xodimi sindromi” deyiladi.

    — Ofis xodimi sindromi oʻz-oʻzidan yuzaga kelmaydi. Shunisi maʼlumki, ish staji hali u qadar katta boʻlmagan xodim ham ushbu sindrom bilan kasallanishi mumkin. Quyida kimlar xavf guruhiga kiritilishi va ogohlantiruvchi simptomlar haqida maʼlumot beramiz.

    Ortiqcha vazn.

    Xizmat taqozosi bilan bir joyda oʻtirib ishlaydigan kishilar kamharakat boʻlishadi. Bilasiz, jismoniy faollik sust boʻlsa, tanada qon aylanishi meʼyorda kechmaydi.

    Oshqozon-ichak trakti kasalliklari.

    Asosiy sabab – notoʻgʻri ovqatlanish, shuningdek, yoʻl-yoʻlakay tamaddi qilish odatining mavjudligi.

    Yurak-qon tomir xastaliklari.

    Tamaki va spirtli ichimliklar isteʼmol qilish, koʻp miqdorda kofein moddasi qoʻshilgan ichimlik (qahva, achchiq choy) ichish, stress, uyqusizlik – muammoning bosh omillari hisoblanadi.

    Kichik tos aʼzosi bezovtaliklari, bavosir.

    Yana oʻsha gap, bir joyda uzoq vaqt oʻtirib ishlash tanada qon aylanishini izdan chiqaradi. Kishi avval ham bavosir bilan ogʻrigan boʻlsa, xastalikning qaytalanish ehtimoli yuqori.

    Quruq koʻzlar sindromi.

    Kompyuterdan muntazam foydalanuvchilarda koʻz ichi qizarishi (achishish, yoshlanish) holati koʻp kuzatiladi. Sababi esa monitordan tarqaluvchi yorqin nurdir. Shuningdek, konditsioner havosi ham koʻzlarga salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin.

    Nafas yoʻllari kasalliklari.

    Xonada 5-6 nafar xodim ishlasa va ulardan biri grippga chalingan boʻlsa, kasallik qoʻzgʻatuvchi infeksiya havo-tomchi yoʻli orqali boshqalarni ham zararlashi mumkin.

    Mushak va boʻgʻim ogʻriqlari.

    Harakatsiz holatda (koʻpincha engashib oʻtirish) uzoq vaqt oʻtirilsa, boʻgʻimlar “qotib” qoladi. Qon yetib kelishi toʻliq bajarilmagani bois oyoq uvishadi.

    Sanitariya epidemiologiya osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati direktorining oʻrinbosari Nurmat Atabekov Sogʻliqni saqlash vazirligi

    matbuot xizmatining yuqoridagi savollariga javob berdi.