Unga buyrak transplantatsiyasi jarrohlik amaliyotini faqat chet elda amalga oshirish mumkinligini aytishgandi. Farzandlarining baxtu kamolini koʻrish, ularning boshida panoh boʻlishni istagan ona yashab turgan uyini sotishga qaror qilgandi. Shunday kunlarning birida “Bor mehrimiz shu Vatan, shu xalq uchun!” shiori ostida oʻtayotgan salomatlik aksiyasi doirasida Namangan viloyatida boʻlib turgan poytaxtlik shifokorlar mahalliy hamkasblari bilan birgalikda uning holidan xabar olib, uyiga kirib kelishdi...

Mastura Fayziyeva joriy tibbiy koʻrikdan oʻtmoqda.
— Men uchun buyrak koʻchirib oʻtkazish amaliyotini Toshkent shahrida, hech qanday toʻlovsiz, beminnat qilib berishlarini aytishganida holatimni tasavvur qila olmaysiz, — deydi Mastura Fayziyeva. — Bu Allohning menga bergan inoyati edi. Shunday ogʻir ahvolda turganimda shifokorlar kelib, mushkulimizni oson qilishdi. “Prezidentimizning topshirigʻi bilan sizlarga yordam bergani keldik”, deyishganida iltijolarim Yaratganga yetib, oʻzi dardimni oluvchilarni yuborganini koʻnglim sezdi. Ungacha ikki bolamning taqdiri nima boʻlishini oʻylab, xavotirda edim. Menga buyrak koʻchirib oʻtkazishlari aniq boʻlganida, oʻgʻlim: “Men ham katta boʻlsam, sizni davolaydigan odamlarday jarroh boʻlaman”, dedi. Bilasizmi, endi bolalarimning orzularini koʻrish uchun ham hayotga umidim oshib ketdi.
Mastura Fayziyevaga donorlik qiluvchi inson ham u bilan birga. Singlisi Maʼmura Yigitaliyeva unga bir buyragini berishga qaror qildi. Salomatlik aksiyasi doirasida opa-singil birgalikda Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga olib kelindi.
— Jigaring yoningda dard bilan olishib tursa, chiday olmas ekan odam. Otamizning yoshlari 75 ga yetgan boʻlsa ham chora izlab bormagan joylari qolmadi, — deydi Maʼmura Yigitaliyeva. — Aka-opalarimizdan qay birimizniki toʻgʻri kelsa, buyragimizni berishga rozi edik. Mana, kelganimizdan beri shifokorlar shirin soʻzlarini ayashmayapti. Hammalari yuzlari tabassum bilan palatamizga kirib kelishadi. Toʻgʻrisi, bularni koʻrib, erta-indin operatsiyaga kirishimiz kerak, degan qoʻrquv ham oʻz-oʻzidan qanday yoʻqolganini sezmay qoldim.

Maʼmura Yigitaliyeva: “Jigaring dard chekib tursa, buyragingni berishga TAYYOR turarkansan...”
Prezidentimizning aholi salomatligini saqlash borasida qabul qilgan Farmon va qarorlari hamda maxsus topshiriqlari ijrosini taʼminlash maqsadida Cogʻliqni saqlash vaziri tashabbusi bilan “Bor mehrimiz shu Vatan, shu xalq uchun!” shiori ostida oʻtkazilayotgan salomatlik aksiyasi avj pallaga kirdi.
Aksiya doirasida Namangan viloyati boʻylab yoyilgan tibbiyot sohasida mamlakatning eng malakali mutaxassislari har bir tumanda mahallabay tartibda uyma-uy yurib, tibbiy yordamga muhtoj aholi qatlamlariga joyida malakali tibbiy xizmat koʻrsatishmoqda hamda bemorlarning holatiga, kasallik darajasiga qarab, tegishli muolajalarni amalga oshirishmoqda.
10-fevraldan beri davom etayotgan ushbu xayrli tadbir minglab insonlarning hayotiga quvonch bagʻishlab kelayotir. Avval turli sabablar bilan maxsus tibbiy tekshiruvlardan oʻtolmay yurgan xastahol yurtdoshlarimiz “temir daftar”ga kiritilib, mutlaqo bepul tibbiy xizmat bilan taʼminlanmoqda. Ushbu roʻyxatga kirgan fuqarolarga eng qisqa muddatlarda muolajalar belgilanmoqda.
Toʻraqoʻrgʻon tumanida yashovchi 53 yoshli Valijon Ismoilov buyrak yetishmovchiligidan aziyat chekardi. Poytaxtlik mutaxassislar salomatlik aksiyasi doirasida unga buyrak transplantatsiyasi amaliyotini oʻtkazadigan boʻldi. 26 yoshli Odiljon yaqinda chet eldan qaytib kelgandi. Otasining ogʻir ahvolini koʻrib, chora izlash ortidan yana oʻzga yurtlarga ishlash uchun ketish haqida oʻylardi. Poytaxtlik shifokorlar ularning uyiga kelib, yurtimizning oʻzida buyrak transplantatsiyasi amaliyoti ular uchun beminnat oʻtkazib berilishini aytishdi.

Valijon Ismoilov jarrohlik amaliyotidan bir kun oldin.
— Bu xabarni eshitganimizda, butun oilamiz bilan xursand boʻldik, — deydi Odiljon Ismoilov. — Otam kasallik aniqlanishidan oldin haydovchilik qilar edilar. Bizga halol mehnat bilan non-tuz yedirganlar. Chet elda ishlab, oila tebratishda ularga koʻmaklashardim. Ammo otamning ahvoli ogʻirlashib borayotganini koʻrib, chorasiz sezardik oʻzimizni. Sogʻliqni saqlash vazirligi vakillari kelib, bizga holat yuzasidan tushuntirish berishganida, otamga oʻzim donorlik qilishga rozi boʻldim...

Jarrohlik amaliyotidan bir kun oldin. Odiljon Ismoilov: otamga oʻzim donorlik qilaman.
Kecha buyrak koʻchirib oʻtkazish amaliyotidan muvaffaqiyatli chiqqan ota-bola Ismoilovlarning ahvoli hozirda shifokorlar nazorati ostida.
Namangan viloyatida davom etayotgan salomatlik aksiyasi doirasida yana bir bemorda xuddi shunday buyrak koʻchirib oʻtkazish jarrohlik amaliyoti oʻtkazilishi rejalashtirilgan. Pop tumanida yashovchi 17 yoshli Mohinur ham shu ogʻir darddan aziyat chekib kelayotgan edi. Hayotning orzu-umidlarga toʻlgan shunday pallasida farzandining xastalikdan qiynalayotganini koʻrish ota-ona uchun oʻta ogʻir. Salomatlik aksiyasi doirasida Mohinurning onasi Iroda opa Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga ham ona, ham donor sifatida olib kelindi:
— Qizim endigina talabalikning oltin davriga qadam qoʻygan. Uning kasalligiga jimgina qarab turish qoʻlimizdan kelmasdi, — deydi Iroda opa. — Bor imkonimizni ishga solib, davolatishga harakat qilayotgandik. Prezidentimiz yuborgan shifokorlar jonimizga oro kirdi. Koʻzimga bolamning baxtidan boshqa hech narsa koʻrinmas edi. Unga buyragimni berishga qaror qildim. Bizga shunchalik gʻamxoʻrlik qilayotgan insonlarga qanday rahmat aytishni ham bilmayman. Qoʻlimizdan faqat duo qilish keladi, xolos. Davlatimiz hech birimizni yolgʻizlatib qoʻymasligiga yana bir bor ishondim...

Bu bemorlarning barchasi donorlari bilan birgalikda shifokorlar nazorati ostida Namangan viloyatidan Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga olib kelinib, zarur tekshiruvlardan oʻtkazildi. Buyrak transplantatsiyasidek noyob operatsiyalar yurtimizning oʻzida oʻtkazilayotgani koʻplab yurtdoshlarimizning mushkulini oson qilayotgani haqiqat.
“Bor mehrimiz shu Vatan, shu xalq uchun!” shiori ostida oʻtkazilayotgan salomatlik aksiyasi sogʻligida muammosi bor yurtdoshlarimizga shifo va darmon, oilalarga baxt va shodlik ulashishda davom etmoqda.
Sogʻliqni saqlash vazirligi
Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi.