Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari qoʻmitasining kengaytirilgan yigʻlishi boʻlib oʻtdi. Unda qoʻmita aʼzolari ogʻir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan xotin-qizlarga yordam koʻrsatish hamda ularni manzilli qoʻllab-quvvatlash choralarini kuchaytirishga qaratilgan — “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va koʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasini muhokama qildi.
Taʼkidlanganidek, mazkur qonun loyihasi davlatimiz rahbarining “Zoʻrlik ishlatishdan jabr koʻrgan xotin-qizlarni reablitatsiya qilishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori ijrosini taʼminlash maqsadida ishlab chiqilgan. Qonun loyihasi amaldagi qonunchilikda belgilangan tartib-taomillarga muvofiq kiritilgan boʻlib, ushbu hujjat bilan “Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari toʻgʻrisida”gi, “Xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish toʻgʻrisida”gi, “Aholini roʻyxatga olish toʻgʻrisida”gi qonunlarga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish taklif etilmoqda.
Loyiha bilan fuqarolar yigʻini mahalla hududida tazyiq va zoʻravonlik qilgan yoki qilishga moyilligi boʻlgan shaxslarni aniqlash va ular bilan olib boriladigan profilaktika ishlarida ishtirok etishi belgilanmoqda.
Qolaversa, mehnat organlari tomonidan ogʻir ijtimoiy ahvolda qolgan, ish qidirayotgan xotin-qizlar bandligini taʼminlash, ularni tadbirkorlikka jalb qilish, kasbga yoʻnaltirish choralarini koʻrishi belgilanyapti.
Qonun loyihaning qabul qilinishi ogʻir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan xotin-qizlarga yordam koʻrsatish va ularni qoʻllab-quvvatlashning huquqiy asoslarini kuchaytirishga xizmat qiladi, deb xabar beradi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi matbuot xizmati.