Kuni kecha shu mavzuda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qoʻmitasining soha mutaxassislari ishtirokida yigʻilishi boʻlib oʻtdi.
Taʼkidlanganidek, mamlakatimizda fuqarolarning, ayniqsa, xotin-qizlarning erkinlik va shaxsiy daxlsizlikka doir huquqlarini taʼminlash borasida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Ularning manfaatlarini ishonchli himoya qilishni taʼminlaydigan sud-huquq tizimi samarali faoliyat koʻrsatmoqda. Shu orqali oila institutini yana-da mustahkamlash va rivojlantirish, oila manfaatlarini himoya qilishning huquqiy va ijtimoiy-iqtisodiy asoslarini kuchaytirish, uning xavfsizligini va uygʻunligini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha muhim chora-tadbirlar olib borilmoqda. Respublikamizda ogʻir ijtimoiy ahvolda qolgan, jismoniy, axloqiy yoki mulkiy zarar yetkazish natijasida sodir etilgan huquqbuzarliklar tufayli jabr koʻrgan shaxslarga koʻmaklashish va har tomonlama yordam koʻrsatish boʻyicha infratuzilmaning yaratilganligi alohida ahamiyatga ega.
Maʼlumot uchun, Zoʻrlik ishlatishdan jabr koʻrgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish hamda oʻz joniga qasd qilishning oldini olish Respublika markazi nodavlat notijorat tashkilot sifatidagi 3 yillik faoliyati mobaynida ogʻir ijtimoiy ahvolda qolgan, shu jumladan oilaviy muammolar va turmushida zoʻrlik ishlatilishiga duch kelgan shaxslarga anonim tarzda shoshilinch tibbiy, ruhiy, ijtimoiy, pedagogik, huquqiy va boshqa yordam koʻrsatish, oʻz joniga qasd qilishga moyil boʻlgan yoki oʻz joniga qasd qilgan shaxslar bilan birlamchi va izchil profilaktika tadbirlarini oʻtkazish, ularga “ishonch telefoni” orqali zarur maslahat berish tizimini yaratish borasida qator ishlarni amalga oshirdi.
Majlis qatnashchilari ogʻir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan xotin-qizlarga ijtimoiy-huquqiy, psixologik yordam koʻrsatish, ularni manzilli qoʻllab-quvvatlash maqsadida, shuningdek 2017-2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasiga asosan belgilangan vazifalardan kelib chiqib qabul qilinayotgan mazkur qarorning ayrim jihatlariga oʻz eʼtiborini qaratdi.
Bundan tashqari, majlisda Markazning asosiy vazifalari etib belgilangan davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlarining xotin-qizlarning oʻz joniga qasd va suiqasd qilish holatlarini oʻrganish, ularning oldini olishga qaratilgan, shu jumladan, oʻz joniga suiqasd qilgan shaxslarni normal hayotga qaytarish boʻyicha ishlarini muvofiqlashtirish ishlari ularni amalga oshirish, “Ayollar daftari”ga kiritilgan psixologik va huquqiy maslahatga muhtoj xotin-qizlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash boʻyicha keng koʻlamli Davlat dasturlarida belgilangan vazifalarni bajarish uchun mutaxassislar yetishmasligini inobatga olib, bu borada Mahalla va oilani qoʻllab quvvatlash vazirligi, Ichki ishlar vazirligi hamda Yoshlar ishlari agentligi masʼul tashkilotlar sifatida markazga yaqindan koʻmaklashishi taklif qilindi, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.









