Uchrashuv qatnashchilari Oʻzbekiston Respublikasida XXR va uchinchi mamlakatlarga eksport qilish uchun meva-sabzavot mahsulotlarini sifatli yetishtirish maqsadida oʻgʻitlar va pestitsidlarni xalqaro standartlar asosida sertifikatlash muhim ahamiyatga egaligini qayd etdilar. Shundan kelib chiqib, oʻgʻitlar va pestitsidlar ishlab chiqarishni rivojlantirish va ushbu tarmoqqa investitsiyalar jalb etishga oid chora-tadbirlar muhokama etildi.
Shuningdek, tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi iqlim-tuproq sharoitlariga nihoyatda moslashtirilgan oʻgʻitlar va pestitsidlar boʻyicha qoʻshma tadqiqotlar oʻtkazish; oʻgʻitlar samaradorligini aniqlash uchun koʻrgazma uchastkalarini tashkil etish; oʻgʻitlar va pestitsidlar bozorini tartibga solishda Xitoy tajribasini oʻrganish; shuningdek Xitoy investitsiyalarini jalb etgan holda oʻgʻitlar va pestitsidlar ishlab chiqarishni tashkil etish boʻyicha ikki tomonlama hamkorlikni oʻrnatish taklifi koʻrib chiqildi.
Tomonlar ushbu sohadagi oʻzaro hamkorlikni yanada chuqurlashtirish boʻyicha birgalikda ishlashga kelishib oldilar, deb xabar beradi Qishloq xoʻjaligi vazirligi matbuot xizmati.