Nufuzli bir xususiy korxonada hisobchi vazifasida ishlab yurgan Sh. Xoliqovning nafsi “harakat”ga tushdi. Yashash tarzi, oylik maoshi, oilaviy sharoiti yaxshiligiga qaramay, o'g'irlikka qo'l urdi.

O'zi hisobchi sifatida faoliyat olib borayotgan shahardagi “Nur-Begim” NTM o'quv markaziga g'aliz maqsad bilan kelgan Sh. Xoliqov, binoning erto'lasida joylashgan, komp`yuter darslari o'tiladigan maxsus xonaga avvaldan ko'zlab yurgani, komp`yuter jihozlarini o'g'irlab ketish uchun g'ayriqonuniy ravishda kiradi.

Muassasa rahbari N.Yahyoevaga tegishli bo'lgan narxi 4 100 000 so'mlik 3 dona komp`yuter jamlanmalari monitori, ularning 4 ta operativ xotirasi hamda shu erda o'qituvchi bo'lgan N. Xoliqovga tegishli “Samsung” rusumli noutbukni yashirin tarzda olib chiqib ketadi.

Sh. Xoliqov shu bilan chegaralanmadi. U o'z kirdikorlarini davom ettirib, o'sha kunning o'zida tushdan so'ng shahardagi “City-education” nomi ostida faoliyat yuritayotgan o'quv markaziga keladi. Avvaldan bilgani komp`yuter texnologiyalari xonasiga g'ayriqonuniy ravishda kirib, u erdan 3 350 000 so'mlik “Lenovo” rusumli noutbukni o'g'irlab, voqea joyidan g'oyib bo'ladi.

Komp`yuterlarni qo'lga kiritgan va ayni vaqtda g'oyat qaltis ishga qo'l urganidan ko'ngli g'ash tortmagan bu kimsa fursatni o'tkazmay o'g'irlagan jihozlarni sotish ilinjiga tushadi. SHahar markazida joylashgan “Mukammal nigoh” nomli savdo majmuasiga keladi. U pasport so'ragan sotuvchi yigitga noutbuklar o'ziniki ekanligi, pulga muhtojligi uchun sotayotgani, pasporti yonida emasligi va albatta, nusxasini tashlab qo'yishiga ishontirib, ikkita noutbukni 1 550 000 so'mga kelishib, sotib yuboradi. Pullarni esa o'z ehtiyojlari yo'lida sarflaydi.

Pul ishlashning oson yo'lini topdim, deb o'ylagan “olg'ir” oradan bir hafta o'tib yana “ov”ga chiqadi. U “55-Evrika” NTM o'quv markaziga kelib, abiturientlarning darslari tugashigacha kutib o'tiradi va payt poylab, u erdan 2 600 000 so'mlik “NR” rusumli noutbukni olib chiqib ketadi. Osongina ish bitiryapman, hech kim meni bilmaydi, deya chuchvarani xom sanagan Shahboz noutbukni sotish uchun “Zangori ekran” savdo majmuasiga yo'l olgandi.

Na qonun va na odamiylikni nazar-pisand qilmagan o'g'ri yigit komp`yuter hujjatlarini so'ragan sotuvchiga o'zining javdiragannamo nigohi bilan “Men hujjatsiz, qo'ldan olgandim komp`yuterni, pulga muhtoj bo'lib sotyapman”, deya yana vajlar keltirib, pasport nusxasini berib, noutbukni 1 800 000 so'mga sotib chiqib ketadi.

Xalqimizda “Buzoqning yugurgani somonxonagacha” degan naql bor. Bugun o'z qilmishi bilan sud kursisida bosh egib o'tirgan Shahboz Xoliqov pushaymon. Sud Sh. Xoliqovning qilmishini ko'rib chiqarkan, jinoyat ishidagi dalillarni har tomonlama o'rganib, uni Jinoyat kodeksining 169-moddasi 3-qismining “a” bandida ko'rsatilgan o'g'irlik jinoyatini sodir etganlikda aybli, deb topdi. Jinoyatga qo'l urgan fuqaroga nisbatan qonuniy hamda adolatli jazo tayinlanib, sud tomonidan jazoning muqarrarligi ta'minlandi.

Akrom ARIPOV,

Oliy sud bosh konsul`tanti