Albatta, farzandlarimiz uchun bugungi imkoniyat va shart-sharoitlar nafaqat baxt, balki eng ulugʻ neʼmat, cheksiz imkon, poʻlat qanot demakdir. Sababi esa kundek ravshan. Yoshlarning har bir kunini imkoniga, harakatlarini ummonga, orzu-istaklarini esa qonunga aylantirayotgan munosib davlat rahbari bor bu mamlakatning. Darhaqiqat, yurtimizda yoshlar siyosati bir ijtimoiy dastur emas, balki mamlakatning milliy xavfsizligi, iqtisodiy barqarorligi va intellektual salohiyatini belgilovchi bosh strategik yoʻnalishga aylandi.

        2026 yil 24 fevral kuni «Koʻksaroy» qarorgohida boʻlib oʻtgan Prezident va yoshlar muloqoti davlat va xalq oʻrtasidagi ochiq muloqotning yangi sahifasi sifatida tarixga kirdi. Bugungi islohotlarning markazida aynan ilmli, shijoatli yoshlar turibdi. 60 mingdan ortiq ishtirokchi qamrab olingan ushbu tadbir umummilliy kengash darajasiga koʻtarildi.

        Shu muloqotda Prezidentimiz 22 milliondan ortiq yoshlarni «mamlakatning iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy kuchi» deb atadi. Aytish kerakki, bu ulkan kuchning peshqadamlari qatorida 22 ming nafar Fargʻona davlat universiteti yoshlar ham bor. Universitetda 30 yoshgacha boʻlgan talabalar soni 22 ming nafardan ziyodni tashkil etadi. Ular shu el, shu yurt uchun munosib davomchi boʻlib yetishish yoʻlida tinmay oʻqib-izlanmoqdalar. Shu kungacha oliygohdan 207 nafar chempion yetishib chiqqan boʻlsa, Yoshlar Para Osiyo oʻyinlarida 10 ta medal qoʻlga kiritildi.

         Matematika, kimyo va biologiya boʻyicha xalqaro fan olimpiadalarida talabalar 7 ta kumush va bronza medaliga sazovor boʻldilar. Shuningdek, zamonaviy issiqxonalar va kovorking markazlarida dual taʼlim kuchaytirildi, natijada bitiruvchilarning 97 foizi bandligi taʼminlandi. Marrani baland olgan talabalarimizning 13 ta startap loyihasi orqali 9 milliard 814 million soʻm investitsiya jalb etildi. «Boʻlajak olim» tanlovida esa 1 milliard soʻmdan ortiq mablagʻ qoʻlga kiritildi.

        Endilikda Prezidentimiz tashabbusi bilan innovatsion startaplarga 100 ming dollargacha investitsiya kiritishga ruxsat berilgani bu kabi yutuqlarni yanada koʻpaytiradi.

        Uchrashuvda haftaning har payshanba kuni «Yoshlar kuni» etib belgilanishi esa «Hech bir yosh eʼtibordan chetda qolmaydi» degan ezgu gʻoyaga asoslandi. Demak, endi yoshlarning oʻz kuni bor, shu kunni u har hafta kutadi, hozirlik koʻradi va aynan markazda oʻzi turganini anglagan holda ertangi masʼuliyatini ham kuchliroq anglab boradi. Atrofida jaranglayotgan "bugun yoshlar kuni" soʻzlari uni kunning egasiga aylantirib borgani holda, har kuniga mazmun olib kiradi.

        Hatto hayot yoʻlida adashgan, "ikkinchi imkon"ga muhtoj yoshlarga ham davlat gʻamxoʻrlik qilishi — Yangi Oʻzbekistonning bagʻrikenglik va insonparvarlik falsafasi naqadar yuksak ekanidan dalolat beradi. Chunki inson hayoti — murakkab yoʻl. Bu yoʻlda kimdir bilib, kimdir bilmay xato qiladi, kutilmaganda adashishi yoki aldanishi mumkin. Ammo jamiyatning buyukligi uning jazolashida emas, balki yiqilganni suyab, unga qayta oyoqqa turish uchun qoʻl uzata olishiда namoyon boʻladi. Jazo muddatini oʻtab chiqqan yosh yigit yoki qiz uchun ozodlikka chiqqandan keyin jamiyatga qayta qoʻshilib keta olish maʼnan oson boʻlmaydi. Endilikda adashgan yoshlar taqdirning hukmiga tashlab qoʻyilmaydi. Ular 8-12 oy davomida zamonaviy dunyoning eng qudratli qurollari — IT texnologiyalari, veb-dizayn va xorijiy tillar boʻyicha intensiv bilim oladilar. Bu degani, kechagina jamiyatdan ajratilgan shaxs ertaga global bozorda raqobatlasha oladigan dasturchi yoki muhandis boʻlib yetishib chiqadi.

        Nima uchun aynan dasturlash va kompyuter muhandisligi? Chunki raqamli olamda insonning oʻtmishi emas, uning bugungi salohiyati va mantiqiy fikrlashi qadrlanadi. Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan bu tashabbus shunday yoshlarimizni yana oʻzlikka qaytishida suyanch, haqiqiy qanot boʻladi. Demakki, bu yoʻlda millat yetakchisi kechirimlilik bilan ish olib borar ekan, biz ziyo ahli bu ibrat mohiyatini hammadan ham koʻproq tushunishimiz zarur va kerak.

        Prezidentimiz joriy etayotgan garovsiz kreditlardan Garvardda oʻqishgacha, ipoteka yordamidan tortib kitobxonlik grantlarigacha boʻlgan bu yoʻl Oʻzbekiston yoshlari uchun toʻshalgan orzular manzilidir. Koʻrinib turibdiki, yoshlar uchun berilayotgan imtiyozlar ularning oʻz Vatanida baxtli qilish uchun xizmatga shay etilmoqda. Butun millatning maʼnaviy va intellektual qiyofasini namoyon qiluvchi yoshlar ekan, Muhtaram Prezidentimizning tashabbuslarini hayotga tatbiq etishda Fargʻona davlat universiteti jamoasi bir tan-u bir jon boʻlib harakat qilishdan aslo tolmaydi.

Odiljon RAHMATOV,

Fargʻona davlat universiteti,

Fizika-matematika fakulteti dekan oʻrinbosari

pedagogika fanlari boʻyicha falsafa doktori, PhD