Ohangaron tuman hokimligi bosh yuriskonsulti pora olgan vaqtida qoʻlga olindi

    U avval ham bir necha marotaba sudlangan boʻlishiga qaramasdan, xulosa chiqarmagan.

    Toshkent viloyatida tezkor tadbir davomida Ohangaron tuman hokimligi bosh yuriskonsulti ashyoviy dalillar bilan qoʻlga olindi.

    Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar qildi.

    Maʼlum boʻlishicha, u “Eyvalek” mahalla fuqarolar yigʻini hududida joylashgan, hokimlik balansidagi xonadonni yuqori lavozimdagi tanishlari orqali fuqaro nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 1500 AQSH dollari soʻragan. Bosh yuriskonsult pora pulini olgan vaqtida qoʻlga olindi.

    Taʼkidlanishicha, u avval ham bir necha marotaba sudlangan boʻlishiga qaramasdan, xulosa chiqarmagan.

    Hozirda ushbu holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “v” bandi va 28, 211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.