Ohangaron tumanida 8,7 mlrd soʻmlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalangan korxona aniqlandi

    Barcha hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga topshiriladi.

    “Hududgaz Toshkent” GTF komplayens nazorat tuzilmalari, “Ohangarontumangaz” GTB, Oʻzenergoinspeksiya va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish Departamenti xodimlari ishtirokida Toshkent viloyatining Ohangaron tumanida tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holatlarini aniqlash boʻyicha nazorat tadbirlari oʻtkazildi.

    Xususan, tumanning “Yonariq” MFYda joylashgan “N.” MCHJga tegishli korxonada gaz taʼminoti tashkiloti bilan shartnoma rasmiylashtirmasdan gaz tarmogʻiga noqonuniy ulanib, tabiiy resursdan foydalanib kelingani aniqlandi.

    Holat yuzasidan dalolatnoma tuzilib, sarflangan tabiiy gaz hajmi qonunchilikda belgilangan tartibda qayta hisob-kitob qilindi. Isteʼmolchi tomonidan davlat manfaatlariga 8,7 milliard soʻmlik zarar yetkazilgani maʼlum boʻldi.

    Barcha hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga topshiriladi.