Ohangaron tumanida mahkum voyaga yetmagan qizga nisbatan jinoyat sodir etgani uchun qoʻlga olindi

    Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyatining Ohangaron tumanida 3-sinfda oʻqiyotgan qizaloqqa nisbatan jinoyat sodir etilgani haqida xabar tarqaldi.

    Toshkent viloyati Ichki ishlar bosh boshqarmasining maʼlumot berishicha, voqeaga aloqador shaxs — 31 yoshli mahkum M.T. bugungi kunda Jinoyat kodeksining 118-moddasi 4-qismi (oʻn toʻrt yoshga toʻlmagan shaxsning nomusiga tegish) bilan sudlangan boʻlib, manzil koloniyasida jazo muddatini oʻtayotgan boʻlgan.

    Maʼlum qilinishicha, u 16-oktyabr kuni soat 16:00 atrofida, Ohangaron tumanidagi xususiy korxonada mehnat ishlariga jalb qilingan paytda qochib ketgan va qidiruvga berilgan.

    Tez fursatda olib borilgan choralar natijasida mahkum shu kunning oʻzida huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan ushlangan va unga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qoʻllangan.

    Tergov organlari tomonidan unga nisbatan Jinoyat kodeksining 119-moddasi 4-qismi (oʻn toʻrt yoshga toʻlmagan shaxs bilan jinsiy ehtiyojni zoʻrlik ishlatib gʻayritabiiy usulda qondirish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.

    Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.