Ohangaron tumanida yangi loyihaga start berildi

    Tumandagi kichik sanoat zonasi hududida “KAND-FAVORITE” masʼuliyati cheklangan jamiyatning meva va sabzavotlarni quritish, qayta ishlash va qadoqlashga ixtisoslashgan zavodi qurilishi boshlandi.

    “Yonariq” MFY hududida joylashgan mazkur korxona qurilishi uchun jami 4,4 gektar yer maydoni ajratildi.

    Ushbu korxona Rossiya davlatining “Masterfud” MCHJ qoʻshma korxonasining mamlakatimizdagi filiali boʻlib ish boshladi.

    Ayni damda korxona Rossiya davlati hamda beshta MDH davlatlarida oʻzining tarmoq doʻkonlariga ega.

    Tumanda amalga oshirilayotgan mazkur loyihaning umumiy qiymati 20 million dollar boʻlib, 10 xildan ortiq meva-sabzavotlarni qayta ishlash quvvatiga ega.

    Yillik ishlab chiqarish quvvati 10 ming tonna boʻlib, yiliga 20-25 million dollar miqdorida eksport amalga oshiriladi. Bu koʻrsatkich esa yildan-yilga ortib borishi koʻzda tutilgan.

    2023-yilning 1-choragida ishga tushishi moʻljallanayotgan korxona aholi tomonidan yetishtirilayotgan meva-sabzavotlarni, qolaversa, fermerlarga ham yetishtirgan mahsulotlarini realizatsiya qilinishini kafolatlaydigan bozorni shakllantiradi.

    Shuningdek, zavod ishga tushgach, 300 ta yangi ish oʻrni yaratiladi, deb xabar beradi Toshkent viloyati hokimligi Axborot xizmati.