Mamlakatimizda fuqarolarni arzon go'sht va sut mahsulotlari bilan ta'minlash hamda nasldor chorva mollarini ko'paytirishga qaratilgan davlat dasturlari doirasida ajratilayotgan imtiyozli kredit mablag'larining maqsadli sarflanishi yuzasidan Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan prokuratura organlari bilan hamkorlikda Ohangaron tumanida tekshiruv tadbirlari o'tkazildi.
O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yildagi “Toshkent viloyati Ohangaron tumanida chorvachilikni rivojlantirish to'g'risida”gi 890-sonli qarori doirasida, 2020 yilda tumandagi tijorat banklaridan biri hamda sut mahsulotlari etishtirish va naslli mollarni ko'paytirish bilan shug'ullanuvchi “TQD” fermer xo'jaligi o'rtasida shartnoma tuzilgan va 5,5 mlrd. so'm kredit mablag'i aratilgan edi.
O'tkazilgan tekshiruvlar natijasida ma'lum bo'ldiki, fermer xo'jalik mas'ullari bankka taqdim qilingan biznes rejada ko'rsatilgan sut mahsulotlari yetishtirish va naslli mollarni ko'paytirish bilan amalda shug'ullanmasdan 98 bosh naslli, yirik shoxli chorva mollarini naqd pulga sotib yuborib, 2 mlrd. 833,3 mln. so'mlik kredit mablag'larini talon-toroj qilingan.
Hozirda holat yuzasidan fermer xo'jalik mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat Kodeksining 167-moddasi 3-qismi “a” bandi va 192-11 –moddasi 2-qismi “a” bandi bilan, bank mansabdor shaxslariga nisbatan JKning 207-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo'zg'atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.