Toshkent viloyatining Ohangaron tumanida faoliyati yo‘lga qo‘yilayotgan parrandachilik fabrikasining qurilishi bo‘yicha bosh pudratchi hisoblangan MChJ rahbari ushbu obyektning ichki yo‘llarini asfaltlash uchun jalb qilingan boshqa bir MChJ (yordamchi pudratchi) bilan joriy yilning aprel oyida 3,7 mlrd so‘mlik kelishuv shartnomasi tuzgan.
Shartnomada ko‘rsatilgan ishlar amalga oshirilib, bosh pudratchi kelishilgan summadan 2,5 mlrd so‘mni yordamchi pudratchi hisob raqamiga o‘tkazib bergan. Lekin, qolgan 1,2 mlrd so‘mni bermasdan, paysalga solib yurgan.
Shuningdek, bosh pudratchi yordamchi pudratchiga ushbu asfaltlashtirish obyektini biriktirib bergani hamda qolgan 1,2 mlrd so‘mni ham to‘lab berish evaziga uning ta’sischisidan jami 83,5 ming AQSh dollari talab qilgan.
DXX Toshkent viloyati bo‘yicha boshqarmasi va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda bosh pudratchi hisoblangan MChJ rahbari so‘ralgan pul mablag‘ini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Hozirda unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.