Ohangaronga xorijdan naslli qoʻylar keltirilmoqda

    Agrosektor 3 Iyul 2020 3092

    Ohangaron tumanining “Sanam” mahalla fuqarolar yigʻinidagi “Shohruh” fermer xoʻjaligi qoʻychilikka ixtisoslashgan kompleks barpo etishni rejalashtirgan boʻlib, hozirgi kunda qurilish ishlarining birinchi bosqichi tugallandi.

    Ayni paytda loyiha doirasida qoʻshni Qirgʻiziston davlatidan zotdor qoʻylar keltirilmoqda.

    – Bunyod etiladigan kompleksimiz asosan boʻrdoqichilikka moʻljallangan boʻlib, hozir naslli qoʻylarni Qirgʻizistondan olib kelyapmiz. Loyihaga koʻra, jonivorlar sonini koʻpaytirish uchun jami 1 000 bosh qoʻy olib kelish moʻljallangan. Hozirgi kunda 330 bosh qoʻy keltirildi, shu oyning oxiriga qadar yana 670 bosh zotdor qoʻy olib kelinadi. Shuningdek, qoramolchilik bilan ham shugʻullanamiz. Yaqinda Qirgʻizistondan 120 bosh zotdor qoramol ham sotib oldik, – deydi fermer xoʻjaligi rahbari Abdulaziz Janiqulov.

    Mazkur loyiha doirasida “Shohruh” fermer xoʻjaligiga 2,5 mlrd. soʻm miqdorida kredit ajratilgan boʻlib, loyiha uchun zarur boʻladigan mablagʻning 9 240 million soʻmi fermer xoʻjaligi rahbari hisobidan moliyalashtiriladi. Chorvachilik kompleksi foydalanishga topshirilgach, 40 ga yaqin yangi ish oʻrinlari yaratiladi.

    Toshkent viloyati hokimligi axborot xizmati maʼlumotlariga koʻra, Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 23-oktyabrdagi “Toshkent viloyati Ohangaron tumanida chorvachilikni rivojlantirish toʻgʻrisida”gi qaroriga koʻra, Ohangaron tumanida 30 ta chorvachilik kompleksi barpo etish koʻzda tutilgan. Ayni paytda loyiha tashabbuskorlariga kreditlar ajratilgan boʻlib, ular chet eldan zotdor va naslli qoramol hamda qoʻylar olib kelishni davom ettirishmoqda.