Oila kodeksiga koʻp bolali oila tushunchasi kiritildi

    Ijtimoiy hayot 6 Oktabr 2020 3800

    2020-yil 5-oktyabrda Oʻzbekiston Respublikasi Prezident tomonidan OʻRQ–640-sonli “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun imzolandi.

    Qonun bilan 8 ta kodeks va 10 ta qonunga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi.

    Oila kodeksiga kiritilgan qoʻshimchalarga koʻra, 4 nafar va undan ortiq 18 yoshga toʻlmagan bolasi boʻlgan oila koʻp bolali oila hisoblanadi.

    - Bunda, agar 4 nafar va undan ortiq bolalaridan 1 nafari yoki undan koʻprogʻi taʼlimning kunduzgi shaklida (oʻrta maxsus va kasb-hunar, oliy taʼlim) taʼlim tashkilotlarida oʻqiyotgan hamda 22 yoshga toʻlmagan boʻlsa, bu oila ham koʻp bolali oila deb hisoblanadi.

    Qonun bilan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga kiritilgan qoʻshimchaga koʻra, tazyiq oʻtkazgan va (yoki) zoʻravonlik sodir etgan yoxud ularni sodir etishga moyil boʻlgan shaxs tomonidan himoya orderi talablarini bajarmaganlik uchun maʼmuriy javobgarlik belgilandi.

    - Bunday huquqbuzarlikni sodir etgan shaxsga nisbatan 223 ming soʻmdan 669 ming soʻmgacha miqdorda jarima yoki 15 sutkagacha maʼmuriy qamoqqa olish jazosi qoʻllaniladi.

    Qonun bilan “Davlat boji toʻgʻrisida”gi Qonunga kiritilgan qoʻshimchaga koʻra, daʼvogarlar tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarga yetkazilgan maʼnaviy va moddiy zararning oʻrnini qoplash toʻgʻrisidagi daʼvolar yuzasidan davlat bojidan ozod qilinadi.

    Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi, deb xabar beradi Adliya vazirligi matbuot xizmati.