Oila-turmush doirasidagi jinoyatlar muhokama qilindi

    Ijtimoiy hayot 12 Oktabr 2022 2395

    Avval xabar berilganidek, Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi raisi Q.Burxonov boshchiligidagi respublika ishchi guruhi Andijon viloyatida oʻrganishlar olib boryapti.

    Ishchi guruhning navbatdagi oʻrganishi Andijon viloyati Xoʻjaobod tumanida oʻtkazildi. Unda respublika ishchi guruhi aʼzolari, mahalliy ijro hokimiyat vakillari, mahalla faollari, mahalliy Kengash deputatlari hamda kotibiyat mudirlari ishtirok etdi.

    Oʻrganish davomida tumanning “Koʻprikboshi” MFY hududida joylashgan 30-maktabda oʻtkazilgan yigʻilishda tumanda oila turmushidagi kelishmovchiliklar, nizoli vaziyatlar ortidan sodir etilgan 2 ta jinoyat keng muhokama etildi.

    Shuningdek, ishchi guruh viloyatning Izboskan tumanida ham boʻlib, tumanning Toʻrtkoʻl mahallasida oila turmush doirasidagi sodir etilgan jinoyatni muhokama qildi.

    Qayd etilishicha, joriy yil 12-sentyabrda Izboskan tumani “Toʻrtkoʻl” MFY, “Xotira” koʻchasida yashovchi fuqaro oilaviy kelishmovchiliklar tufayli turmush oʻrtogʻi qaynonasi va qayniukalari bilan janjallashib, ularga pichoq bilan tan jarohati yetkazgan. Oqibatda pichoq koʻtargan fuqaroning turmush oʻrtogʻi va qaynonasi voqea joyida, qayniukasi esa shifoxonada vafot etgan.

    Kun tartibidagi masalalar yuzasidan har ikki tumanda oʻtkazilgan yigʻilishlarda Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi raisi oʻrinbosari T.A.Madumarov, Andijon viloyati mahalla va nuroniylarni qoʻllab-quvvatlash boshqarmasi boshligʻi M.S.Nishonov, tumanlar hokimlari, sektor rahbarlari soʻzga chiqdi.

    Ular oilaviy nizolarning oldini olishda mahalla raislari va oqsoqollari, xotin-qizlar faollari jonbozlik koʻrsatishlari, oilalarda sogʻlom muhitni shakllantirish, aholi oʻrtasida oʻzaro hurmat va ahillikni mustahkamlash kerakligini, yoshlarni bilim-saviyalarini oshirish, ayniqsa turmush qurish arafasidagi yoshlarga, ularning ota-onalari va boshqa qarindoshlariga oila ilmini oʻrgatish hamda oilaga bogʻliq munosabatlarga tayyorlash zarurligini taʼkidlab oʻtdilar.

    Shuningdek Q.Burxonov holatlar yuzasidan oʻz munosabatini bildirar ekan, jinoyatlarning oqibatlari emas, uni keltirib chiqarayotgan sabablarini chuqur oʻrganish, tahlil qilish, unga qarshi kurashish choralarini koʻrish kerakligiga ahamiyat qaratdi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.