Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi

    Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 12-avgustdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi faoliyatini tartibga solish sohasidagi ayrim normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash toʻgʻrisida”gi 500-son qaror qabul qilindi.

    Nizom bilan Qoʻmitaning vazifa va funksiyalari, huquq va majburiyatlari, hisobdorlik va boshqa organlar bilan hamkorlik tartibi belgilanmoqda.

    Qoʻmitaga 12 ta asosiy vazifa yuklatilmoqda, ular qatorida:

    - xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash tizimini kuchaytirish;

    - erkaklar va xotin-qizlarning teng huquq hamda imkoniyatlarini taʼminlash;

    - xotin-qizlarga ish topishda koʻmaklashish, ularning tadbirkorligini rivojlantirish;

    - oila aʼzolarining huquqiy madaniyatini oshirish, ularda huquqbuzarliklarning oldini olish va boshqalar.

    Yagona tarif setkasi boʻyicha mehnatga haq toʻlashning tasdiqlangan razryadlariga muvofiq lavozim maoshini belgilashda tarif koeffitsiyenti markaziy apparatda — 1,8 baravarga oshirilgan miqdorda qoʻllaniladi.

    Shuningdek, xodimlar uchun koʻp yillik ishlaganlik uchun qoʻshimcha har oylik ustama toʻlanadi:

    1 dan 3-yilgacha — 0,3;

    3 dan 5-yilgacha — 0,6;

    5 dan 10-yilgacha — 0,8;

    10 dan 15-yilgacha— 1,0;

    15 dan 20-yilgacha — 1,2;

    20 dan yuqori — 1,5.

    Shuningdek Oila va xotin-qizlar qoʻmitasini rivojlantirish va xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish jamgʻarmasi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlanyapti.

    Har yili Davlat byudjeti parametrlarida Jamgʻarma uchun 15 milliardgacha miqdorda nazarda tutiladigan mablagʻlar boshqa manbalar qatorida Jamgʻarmani shakllantirish manbasi hisoblanadi.

    Hujjat Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 2024-yil 13avgustdan kuchga kirdi, deb xabar beradi “Norma” portali.