Oilalar ajrimiga nimalar sabab boʻlmoqda?

    2024-yili 271 776 ta nikoh tuzilgan boʻlsa, shu davrda nikohdan ajralishlar soni 45 135 tani tashkil etgan. Ajralishlarning asosiy sababi esa "xarakterlar toʻgʻri kelmasligi" boʻlib qolmoqda.

    Senatning oʻn birinchi yalpi majlisida tahlil qilingan maʼlumotlarga koʻra, ajralishlar soni eng koʻp Toshkent shahri (5 913 ta), Fargʻona (4 800 ta), Andijon (4 781 ta) va Samarqand (4 599 ta) viloyatlarida kuzatilgan.

    Joriy yilning yanvar iyun oylari davomida 95 275 ta nikoh tuzilgan boʻlib, nikohdan ajralishlar soni 23 338 tani (24 foizni) tashkil etgan holda oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 4 foizga (871 taga) ortgan.

    Respublikaning 112 ta tuman va shahrida nikohdan ajralishlar soni oʻsgan. Nikohdan ajralishlarning sabablarini tahlil qilish oldini olish mumkin boʻlgan holatlar ham borligini koʻrsatmoqda. Jumladan, fuqarolik ishlari boʻyicha sudlar tomonidan 2024-yilda nikohdan ajratishga doir 32 217 ta ariza qanoatlantirilgan, shundan 17 535 ta holatda (54 foiz) xarakter toʻgʻri kelmasligi, 1 807 ta holatda (6 foiz) boshqa nikoh munosabatiga kirishganligi, 1 222 ta holatda (4 foiz) oilaga tayyor emasligi, 1 033 ta holatda (3 foiz) oʻzaro ishonchsizlik sabab qilib koʻrsatilgan.

    Bundan tashqari, 2024-yilda FHDYO organlarida 7 499 ta oila oʻzaro oilaviy kelishmovchilik sababli ajratilgan. Nikoh yoshini qisqartirish amaliyoti ham qator savollarni keltirib chiqarmoqda. Oʻtgan besh yilda hokimlar qarorlari asosida 391 ta holatda nikoh yoshi qisqartirilgan.

    Shu bilan birga, tahlillar sohada ayrim muammolar saqlanib qolayotganini koʻrsatmoqda. Jumladan, nikoh yoshiga yetmagan shaxs bilan nikoh munosabatlariga kirishish, voyaga yetmagan farzandni turmushga berish yoki uylantirish, shuningdek, diniy marosimlarni amalga oshirish holatlari koʻpayayotgani qayd etildi.

    Mazkur fakt va raqamlar Senatning oʻn birinchi yalpi majlisida yangradi. Maʼlumotlardan kelib chiqib, senatorlar oila institutini mustahkamlash va nikohdan ajralishlarning oldini olish boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlar yuzasidan Oila va xotin-qizlar qoʻmitasiga yuborilagan parlament soʻrovini yubordi.